Avval xabar berganimizdek “Fuqarolarni ijtimoiy qo`llab quvvatlash bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar hamda o`zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini e`tirof etish bo`yicha bir martalik umumdavlat aksiyasini o`tkazish to`g`risida”gi Prezident Farmoni qabul qilingan edi.
Farmon bilan fuqarolarning o`zboshimchalik bilan egallab olingan er uchastkalari yoki imorat qurish uchun ruxsatnoma olmasdan qurilgan turar joylariga nisbatan mulk huquqini e`tirof etish bo`yicha bir martalik umumdavlat aksiyasi e`lon qilingan.
Mazkur farmon ijrosini ta`minlash maqsadida 2018 yil 21 iyunda Xuqumat qarori qabul qilindi.
Qaror bilan ko`chmas mulkka nisbatan huquqni e`tirof etish ishlarini tashkil etish bo`yicha tuman (shahar) komissiyalari tashkil etildi.
Komissiyaga tuman (shahar) hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikasiyalar va kommunal xo`jaligi bo`yicha o`rinbosari raislik qiladi. Komissiya tarkibiga tuman kadastr, qurilish, adliya va boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillari kiritiladi.
Komissiyalarning ishini muvofiqlashtirish va nazorat qilish ishlari “respublika-viloyat-tuman(shahar)” uch pog`onali prinsip bo`yicha amalga oshiriladi.
Shuningdek qaror bilan “Ko`chmas mulkka nisbatan mulk huquqlarini e`tirof etish bo`yicha bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida ko`chmas mulklarga nisbatan mulk huquqini e`tirof etish tartibi to`g`risida”gi Nizom tasdiqlandi.
Ushbu Nizom turar joylariga nisbatan mulk huquqini e`tirof etish bo`yicha bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida jismoniy shaxslarning qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan er uchastkalariga yoki imorat qurish uchun ruxsatnoma olmasdan qurilgan yakka tartibdagi uy-joyga nisbatan mulk huquqini e`tirof etish tartibini belgilaydi.
Nizomda belgilanishicha aksiya ko`p qavatli uylarga va ularga tutashib ketgan er uchastkalarida o`zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga, noturar joylarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
O`zboshimchalik bilan qurilgan uyga nisbatan mulk huquqini olish uchun imorat joylashgan hududdagi Davlat xizmatlari markazi orqali tuman (shahar) hokimiga ariza bilan murojaat qilishi lozim.
Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
- murojaat etuvchining pasport nusxasi;
- murojaat etuvchining oila a`zolari haqida hamda er uchastkasiga egalik qilgan muddatlari va imorat qurilgan vaqt to`g`risida fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlarining ma`lumotnomalari.
Murojaat etuvchidan yuqorida ko`rsatilmagan ma`lumotlarni, shuningdek, boshqa hujjatlarni taqdim etishni talab qilish taqiqlanadi.
Murojaat etuvchi tomonidan taqdim etilgan yolg`on ma`lumotlar yoxud unga ilova qilinadigan hujjatlarning to`liq emasligi arizani qabul qilishda rad etish uchun asos hisoblanadi.
Arizani boshqa asoslar bilan rad etish taqiqlanadi.
Komissiya ariza kelib tushgandan so`ng joyga chiqqan holda o`zboshimchalik bilan qurilgan imoratni o`rganadi va dalolatnoma rasmiylashtiradi (barcha tartib-taomillar 11 ish kuni davomida amalga oshiriladi).
Dalolatnomada komissiya a`zolarining xulosalari aks ettiriladi hamda o`zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqini e`tirof etish mumkinligi yoki mumkin emasligi ko`rsatiladi.
Komissiya tomonidan imoratga nisbatan mulk huquqini e`tirof etish mumkin deb topilganda dalolatnoma tasdiqlangan kunning o`zida Davlat xizmatlari markaziga murojaat etuvchi bir martalik yig`imni to`lashi uchun elektron shaklda hisobvaraq-fakturani tizim orqali yuboradi.
Murojaat etuvchi hisobvaraq-faktura tushgan kundan boshlab 4 ish kuni mobaynida hisobvaraq-fakturada ko`rsatilgan to`lovni (eng kam ish haqining 5 baravari miqdoridagi bir martalik yig`im) amalga oshirishi kerak.
Bir martalik yig`im to`langandan keyin 2 kun mobaynida imoratga nisbatan mulk huquqini e`tirof etish to`g`risida tuman (shahar) hokimining qarori loyihasi tayyorlanadi va tasdiqlash uchun tuman (shahar) hokimiga taqdim etiladi. Tuman (shahar) hokimining qarori 2 ish kuni mobaynida qabul qilinadi.
Qabul qilingan qaror nusxasi Davlat xizmatlari markazi tomonidan murojaat etuvchiga taqdim etiladi.
Ushbu nizomda belgilangan eng muhim narsa shuki, fuqaro bor yo`g`i ikki marta Davlat xizmatlari markaziga boradi ya`ni bir marta ariza topshiradi, ikkinchi marta pul to`laydi. Ya`ni hokimiyat, kadastr, qurilish va x.k idoralarga qatnash shart emas.
Quyidagi hollarda o`zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqi e`tirof etiladi va imorat joylashgan er uchastkasiga umrbod egalik qilish huquqi beriladi:
- o`zboshimchalik bilan egallab olingan, jismoniy shaxslar tomonidan uzluksiz foydalanilayotgan er uchastkalari, agar o`zboshimchalik bilan qurilgan imoratlar boshqa shaxslarning huquqlarini va qonun bilan muhofaza qilinadigan manfaatlarini buzmasa yoki fuqaroning hayoti va sog`lig`iga xavf tug`dirmasa, qonun hujjatlarida belgilangan me`yorlar (shu jumladan, har bir oilaga belgilangan me`yorlar) doirasida;
- belgilangan tartibda berilmagan er uchastkalarida qurilgan ob`ektlar mulkdori bo`lmagan, lekin o`ziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz egalik qilib jismoniy shaxslar tomonidan foydalanilayotgan imoratlariga va er uchastkasiga;
- jismoniy shaxslar tomonidan “Er to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinishiga qadar yakka tartibda uy-joy qurish, shaxsiy yordamchi xo`jalik yuritish uchun foydalanib kelayotgan imoratlar va er uchastkasiga huquqlarini belgilovchi hujjatlari saqlab qolinmagan bo`lsa;
- dehqon (shaxsiy yordamchi) xo`jalik yuritish uchun foydalanilmayotgan o`zboshimchalik bilan egallab olingan er uchastkalari va ularda qurilgan imoratlarga “Dehqon xo`jaligi to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunining 8-moddasida belgilangan me`yorlar doirasida.
Quyidagi hollarda o`zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqi e`tirof etilmaydi:
- aholi punktlarining bosh rejalari va ularning qismlarini batafsil rejalashtirish loyihalariga, qishloq fuqarolari yig`inlari hududlarini me`moriy rejalashtirishni tashkil etish loyihalariga zid ravishda joylashgan imoratlarga;
- magistral quvurlar, temir yo`l va avtomobil yo`llari, elektr quvvati uzatish va aloqa liniyalari qo`riqlanadigan muhofaza zonalari, suv muhofazasi va sanitariya-himoya zonalarida, shuningdek aerodromlar va chiqindilar va boshqa zaharli moddalarni ko`mish joylari yaqinida joylashgan imoratlarga;
- qonun hujjatlari bilan qurilishi taqiqlangan muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda hamda tabiiy xavfi yuqori bo`lgan hududda joylashgan imoratlarga;
- o`zboshimchalik bilan egallab olingan er uchastkasida qurilgan imoratlar shaharsozlik normalari va qoidalarini buzib qurilgan bo`lsa, uning saqlab qolinishi boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qo`riqlanadigan manfaatlarini buzsa yoxud fuqarolarning hayoti va sog`lig`iga xavf tug`dirsa.
Komissiya tomonidan shaxsning o`zboshimchalik bilan qurilgan imoratiga nisbatan mulk huquqini e`tirof etish mumkin emas deb topilganda komissiya ishchi organi rad etish asoslari ko`rsatilgan xat tayyorlaydi va dalolatnomaning nusxasini ilova qilgan holda uni dalolatnoma tasdiqlangan kunning o`zida Davlat xizmatlari markaziga hamda tuman (shahar) hokimiga tizim orqali yuboradi.
Murojaat etuvchi komissiya qaroridan norozi bo`lgan taqdirda, bir martalik aksiya tugagunga qadar tegishliligi bo`yicha yuqori turuvchi komissiyaga yoki sudga shikoyat qilish huquqiga ega.






