Xalqimizda “Yaxshilik qil daryoga tashla” degan maqol bor. Bu maqolni boshqa xalqlar “Yaxshilik qil-u, ko`rinma” deya talqin qilishadi. Buyuk Britaniyaning chekka bir qishlog`ida noma`lum shaxs mana shu maqolga amal qildi. U qishloq aholisining og`irini engil qilish maqsadida noodatiy avtobus bekati qurdi. Bu kabi savob ishdan qishloqliklarning boshi osmonga etdi. Chunki bekat ko`p yillar mobaynida tashlandiq holda edi. Endilikda Angliya janubiy- g`arbida joylashgan Devon grafligidagi Uelxempton qishlog`i aholisi haqli ravishda faxrlanmoqda. Devon bir qator anana va urf- odatlarning vatani hisoblanadi. Artur Konan Doylning Sherlok Xolmsga bag`ishlangan asarlari turkumiga kiruvchi “Baskervillar iti” asaridagi voqealar Devon grafligida bo`lib o`tadi.
Endilikda aynan mana shu bekat orqali qishloqning nomi dunyoga mashhur bo`ldi. Toshdan qurilgan mo``jazgina avtobus bekati xuddi turar-joy binosidagi xonalarni eslatadi. Bekat xuddi qadimgi Angliyadagi uylarni yodga soladi. Bu erda kreslo, tuvaklarga ekilgan gullar bor. Xonadagi o`rindiqlarga yostiqlar qo`yilgan. Devorga esa kartinalar osib qo`yilgan. Avtobuslarning bekatga qachon kelishi haqidagi ma`lumot qadimiy usulda ishlangan yog`och ramkaga joylashtirilgan.

Muxbirlarning aytishicha, shu tariqa jahondagi eng shinam avtobus bekati paydo bo`ldi. Hozircha bu noyob bekat kim tomonidan qurilgani aniq emas. Qishloq ahli noma`lum dizaynerni “mahalliy Benksi” deb atamoqda va o`zlariga cheksiz yaxshi kayfiyat sovg`a qilgani uchun unga minnatdorchilik bildirishmoqda. Bu haqda The Daily Mail gazetasi ma`lum qildi.

Ma`lumki, dunyo shaharlaridagi avtobus bekatlari ko`rinishi turlicha bo`lgani bilan deyarli bir xil vazifani bajaradi. Bekatlar yo`lovchilarga xizmat ko`rsatadi.
AQShning Baltimor shahrida maktab avtobusidan haykaltarosh Kristofer Fennell g`aroyib bekat yaratdi. Bekat o`rindiqlari ham avtobusnikidir. Londonning Ridjent-Strit tumanida LEGO o`yinchog`iga o`xshash bekat qurilgan. Buning uchun 100 mingta detal ishlatildi.

Yaponiyaning Konagai shahridagi avtobus bekatlari jahonda tengsiz ekani tan olinadi. Bu shaharda bekatlar meva va sabzavotlar ko`rinishida qurilgan. Bekatlar avvaliga sayyohlarni jalb qilish maqsadida 1990 yilda o`tkazilgan Trevel Ekspo (Garden and Greenery Exposition) ko`rgazmasi uchun qurilgan edi. Oradan ko`p o`tmay bu bekatlar shaharning diqqatga sazovor maskanlari qatoridan o`rin oldi. “Mevali bekatlar” nomi esa dunyoga doston bo`ldi. Trevel Ekspo ko`rgazmasi boshlanishidan olti oy muqaddam Osaka shahriga 23 milliondan ortiq kishi tashrif buyurdi. Shu sababli Yaponiya bo`ylab shu kabi yarmarkalar o`tkazishga qaror qilindi. Konagai shahridagi ko`rgazma “Nagasakiga sayohat” deb nomlandi va 16 ta mevaga o`xshash bekat qurildi. “Mevali bekat”lar 2005 yilda Osaka to`rtta shahar bilan qo`shilganidan so`ng yanada mashhur bo`ldi.

Ko`rgazma yakunlanganiga qaramay mahalliy aholi bekatlarni asl holicha qoldirishga qaror qildi. Chunki meva va sabzavotlarga aholi o`rganib qoldi. Tanishingiz sizning qaerdaligingizni bilmoqchi bo`lsa, “Tarvuz yoki Qovun bekatidaman” deya javob berish shaharliklarga yoqib tushgan edi. Ikkinchidan sayyohlar ham bekatlarga qiziqib qolishdi. Do`konlarda bekatlar tasviri tushirilgan yoki bekatlar ko`rinishdagi suvenirlar paydo bo`ldi.
![konagai-isahaya-fruit-bus-stops-9[2].jpg](http://new.darakchi.uz/storage/11/b2/98/57443/conversions/konagai_isahaya_fruit_bus_stops_9_2_-xl.jpg)
Toshkentimiz yildan yilga go`zallashib bormoqda. So`nggi vaqtlarda nafaqat jamoat transportidan foydalanuvchilar, balki xususiy avtomobil egalari ham poytaxtimizdagi avtobus bekatlariga e`tibor qaratishmoqda. Bunga bekatlarga kondisionerlar o`rnatilayotgani, avtobuslarning qachon kelishi va qachon ketishini bildiruvchi televizorlar bilan jihozlanayotgani, shahrimizning me`moriy ko`rinishi go`zallashayotgani sabab bo`lmoqda. Bir so`z bilan aytganda, yo`lovchilarning og`irini engil qilish maqsadida barcha choralar ko`rilmoqda.

Sharofiddin To`laganov, O`zA






