1

Tog`ay Murod haqiqiy baxtni nimadan topgan edi?

Madaniyat 25.06.2018, 11:59
Tog`ay Murod haqiqiy baxtni nimadan topgan edi?

O`zbek xalqi azal-azaldan haqiqat uchun kurashib, o`z qadr qimmati uchun keng maydonlarda goh ma`naviy usulda, goh jismoniy shaklda jang qilib kelgan. Ana shunday yuksak jarayonni boricha qog`ozga tushirish baxti asl ijodkorgagina nasib etadi.

Biz “baxt” so`zini bejizga ishlatmadik, chunki voqelikni boricha qog`ozga tushirish, adolat, haqiqat uchun badiiy adabiyot bo`stonida kurashish hammaga ham nasib etavermaydi. Buning uchun haqiqat istovchi yurak va adolatga tik boquvchi oqil yuz kerak. O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasida 22 iyun kuni O`zbekiston xalq yozuvchisi Tog`ay Murodning tanlangan asarlari taqdimotida ham baxtli adibning ana shunday xislatlarga ega bo`lganligi haqida so`z yuritildi.

Tadbirda adibning zahmatkash shogirdlari, u kishi bilan bir davrada suhbatdosh bo`lish baxtiga muyassar bo`lgan kishilar, taniqli shoir, yozuvchi va adabiyotshunos olimlar, yosh tadqiqotchi hamda havaskor ijodkorlar ishtirok etishdi.

Taniqli adabiyotshunos olim Bahodir Karimov “O`ziga xos xarakterga ega bo`lmagan kishi, haqiqiy ijodkor bo`la olmaydi”, dedi.

Ha, albatta, Tog`ay Murod o`ziga xos xarakterga ega inson bo`lgan. Mansabga, shuhratga va molu dunyoga o`ch bo`lmagan. U haqiqiy baxtni adolatdan topgan adib. So`zga juda xasis va hassos bo`lgan. Shuning uchun u yozgan asarlarda boy badiiy salohiyat sezilib turadi. Shuningdek, adabiyotshunos Rahmon Qo`chqorning Tog`ay Murod haqida bildirgan so`zlari yig`ilganlarga juda manzur bo`ldi. Shoir Shodmonqul Salomning adib hayotiga bag`ishlangan she`ri yig`ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Taniqli shoir va tarjimon Vafo Fayzulloh esa adib ijodining barhayotligini “e`tiqod va iste`dodni birga olib borganligida” deb baholadi. Adabiyotshunos Rahmon Qo`chqor “Tog`ay Murod asarlarida millat huquqi himoyasi bosh g`oya qilib ko`tarilgan. Shuning uchun uni barcha o`qishi shart bo`lgan adabiyotlar ro`yxatiga kiritmoq kerak”, degan taklifni bildirgan bo`lsa, Musulmon Namoz adibning “Yulduzlar mangu yonadi” asari yuzasidan badiiy film tayyorlanishi kerak ekanligini va ayni damda bunga ehtiyoj borligini takidladi.

– Tog`ay Murod tavalludining 70 yilligi munosabati bilan ko`plab tadbirlar o`tkazdik. Ammo ushbu to`plam barcha tadbirlar qatorida savobli ish bo`ldi, – deydi yosh tadqiqotchi jurnalist Farrux Jabborov. – Tadbir jarayonida keltirilgan takliflar, ustozlarning barcha fikrlari bugun Tog`ay Murod xotirasi va uning ijodi borasida yig`ilganlarda iliq taassurot qoldirgan bo`lsa, biz oldimizga qo`ygan maqsadga erishgan bo`lamiz.

“Sharq” nashriyotida chop etilgan ushbu kitobda adibning to`rt qissa va ikki romani bir jildda jamlangan. O`ylaymizki, ushbu kitob o`zbek xalqi tarixi va o`z xalqining boy ma`naviy merosiga e`tiborsiz bo`lmagan insonlar hamda adabiyot ixlosmandlariga manzur bo`ladi.

Dilobar Mamatova, O`zA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1