1

Go`dak mehridan pulni afzal bilgan ona

Jinoyat 26.06.2018, 16:17
Go`dak mehridan pulni afzal bilgan ona

Farzandini oq yuvib, oq tarab parvarishlagan ona uchun bu dunyoda undan azizroq ne`mat yo`q... Shunday deymizu ammo atrofimizda sodir bo`layotgan dilni xira qiladigan turli holatlarni ko`rib, eshitib nafasimiz ichimizga tushgandek bo`ladi.

To`qqiz oy vujudida ne-ne umidlar bilan ko`tarib yurgan bolasining qotiliga aylanayotgan ayollarni «ona» deyishga ham til bormaydi.

Endigina ikki yarim yoshga to`lgan Muhammad Sodiq onasining jabrdiydasiga aylanishini biror vaj bilan oqlab bo`lmasa kerak.

Zuhra va Shomurod (ismlar o`zgartirilgan) sha`riy nikoh bilan turmush qurishdi. Toshkent shahrida vaqtinchalik ro`yxatdan o`tib, shu erda ijara asosida yashay boshlashdi. Oradan vaqt o`tib, o`g`il farzand dunyoga keldi. Biroq oilaga, er-xotin munosabatlariga putur etdi. Doimiy urush-janjallar ko`paydi. Shomurod turmush o`rtog`ini haqoratlab, do`pposlashni odat qildi. Zuhra farzandi ikki yoshga to`lganda, turmush o`rtog`ining tazyiqlaridan qochib, Xorazm viloyatiga ota-onasining yoniga ketishga majbur bo`ldi. Biroq hech qancha vaqt o`tmasdan Toshkentga Fotima ismli tanishiga qo`ng`iroq qilib, o`g`lini boqishga qiynalayotgani, shu sabab uni sotmoqchi, puliga Toshkent shahrining chekkarog`idan uy xarid qilmoqchi ekanini aytgan...

Shunday holatlarni eshitganda kishi darrov o`yga toladi: nahotki, inson shunchalar tubanlikka borishi mumkin? Ayniqsa, ona o`z jigargo`shasini qandaydir arzimas pulga almashsa? Zuhraning boshiga tushgan azob-uqubatlar haqiqatan ham balki og`ir bo`lgandir. Lekin ayol shunday vaqtda farzandi bilan ovunishi, uning kelajagi uchun yanada kuchliroq bo`lishga intilishi kerak emasmi? Bu kabi voqealarning hayotimizda tobora ko`payib borayotganining asl sababini qidiradigan bo`lsak, gap yana o`sha tarbiyaga borib taqalaveradi. Nahotki, qiz o`stirayotgan onalar farzand ko`rish ayol uchun eng oliy baxt ekanini ularning qulog`iga quymayapti? Otalar-chi, o`g`liga ayol uning naslining davomchisini dunyoga keltirishini, shuning uchun uni hamisha asrab-avaylash zarurligini uqtira olyaptimi?

Oilada yaxshi tarbiya ko`rmagan yoshlar esa butun insoniyat uchun qadrli bo`lgan tuyg`ularni oyoqosti qilmoqda. Farzandini arzimagan pulga almashtirmoqda.

...Fotima unga bola uchun xaridor topib berishini va`da qilgan. So`ng Jamila ismli tanishining farzand asrab olmoqchi ekanini eshitib qolgach, Zuhra farzandini ikki yarim ming AQSh dollariga sotmoqchi ekanini aytib, unga Zuhraning telefon raqamini bergan. Jamila Zuhraga qo`ng`iroq qilib, bola asrab olmoqchiligini aytgan. Jamila turmush o`rtog`ini bolani olishga ko`ndirgach, Zuhrani poytaxtga bolasini olib kelishni, shu erda so`ragan pulini berishini aytgan. Zuhra shaharga kelgach, Jamila uni temir yo`l vokzalida kutib olib, ijara uyga joylashtirgan. Savdoni pishitish uchun esa bir kafeni belgilashgan. Zuhra Muhammad Sodiqni, Jamila esa aytilgan pulni kafega olib kelishgan. Jamila pulni bergach, bolani undan tortib olmasligi uchun Zuhradan pasport nusxasining orqasiga bu haqda tilxat yozib berishni talab qilgan. Zuhra tilxatni yozib bergach, ular kafedan chiqib ketish uchun taraddudlanishadi. Shu payt Ichki ishlar vazirligi xodimlari tezkor harakatlari sabab, kafedagi odam savdosiga chek qo`yildi.

Sudda guvohlikka chaqirilgan Shomurod Ilyosov turmush o`rtog`ining farzandini sotish niyati borligidan xabarsizligini aytdi. Ma`lum bo`lishicha, Zuhra turmush o`rtog`i uni uyidan chiqarib yuborgach, bolasini boqishga qiynalgan, yashash sharoitining og`irligi sabab bolasini sotishga qaror qilgan.

Jinoyat ishlari bo`yicha Mirzo Ulug`bek tuman sudi Zuhra Safarovani O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 135-moddasining 3-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topdi va Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo`llagan holda unga shu moddaga asosan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi...

Inson umrining har lahzasi qadrli. Uning besh yilini temir panjaralar ortida o`tkazish ayol kishiga og`ir. Biroq odam savdosi bilan shug`ullanish, ayniqsa, u o`z farzanding bo`lsa, bu kechirib bo`lmas gunoh.

Xurshid SODIQOV,

Jinoyat ishlari bo`yicha Mirzo Ulug`bek tuman sudi xodimi

"Oila davrasi" gazetasidan olindi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1