AsosiySport

Mundial kundaligi: Messi hamda Ronaldu qarama-qarshiligini ko`ramizmi?

'Mundial kundaligi: Messi hamda Ronaldu qarama-qarshiligini ko`ramizmi?'ning rasmi

Nimchorak finaldagi o`yinlarda ham bir qator burilishlar yuz berishi mumkin. Katta ehtimol bilan Lionel Messi hamda Krishtianu Ronalduning termalari keyingi bosqichda “tasodifan” bir-biriga raqib sifatida maydonga tushishadi, agar o`z raqiblarini engishsa. Demak, bugungi o`yinlar anonsi bilan tanishing.

Dastlab, soat 19:00dan boshlab Argentina - Fransiya bahsiga guvoh bo`lamiz. Terma jamoalar shu kunga qadar 11 marta kuch sinashishgan: 6 ta o`yinda Janubiy amerikaliklar 2 ta bahsda fransuzlar g`alaba qozonishgan, qolgan 3 uchrashuv durang bilan o`z nihoyasiga etgan. Aytish joizki, mazkur bahslarning ikkitasi jahon chempionatlaridagi o`yinlardir. Ana shu ikkala o`yinda ham Argentina g`alaba qozongan.

Demak, jahon chempionatlaridagi statistika Argentina foydasiga ishlamoqda. To`g`ri, fransuzlar mundialning eng qimmat tarkibiga ega terma jamoa hisoblanadi. Biroq guruh bosqichidagi o`yinlardan ma`lum bo`ldiki, hali jamoa yaxshi shakllanmagan. Tajriba yo`q. Argentinada ham muammolar yo`q emas. Xususan, ularning yarim himoya va himoya chizig`ida kamchiliklar bisyor. Ushbu shiddatli o`yinga eronlik Alirizo Fag`oni bosh hakam sifatida tayinlangan. Maydon esa Qozondagi “Qozon arena”.

06cd4d5c-a7a9-4544-bacc-7062eb9d90d2.jpg

3cce2cdf-38f5-43de-b299-3a8fb11178bf.jpg

Kunning ikkinchi va oxirgi uchrashuvi soat 23:00 dan boshlab efirga uzatiladi. Bahs Krishtianu Ronaldu boshchiligidagi Portugaliya hamda Urugvay termalari o`rtasida kechadi. Ta`kidlash joizki, termalar yangi asrda hali to`qnash kelmagan. Mazkur jamoalar bugungi o`yinni inobatga olmaganda ikki bor bir-biriga raqib bo`lishgan. Birinchi uchrashuv portugallarning 3-0 hisobidagi g`alabasi bilan tugagan, ikkinchisi esa 1-1 ko`rinishidagi durang bilan yakunlangan. Birinchi juftlikdagi Argentina – Fransiya o`yinida evropaliklarning tarkibida yaqqol etakchini ko`rmayapman, ammo mazkur ikkinchi juftlikda har bir termaning o`z etakchilari bor. Ular kimlar ekanligini aytib o`tirmayman. Mana shu jihat o`yinda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo`lishi mumkin. Albatta, ikkala juftliklar ham bizni zeriktirib qo`ymaydi, degan umiddamiz. Uchrashuvga hakam sifatida Meksikalik Sezar Ramos “brigada”si tayinlangan. O`yin Sochidagi “Fisht” stadionida bo`lib o`tadi.

    Boshqa yangiliklar