Bugun, 6 iyul kuni Qozog`iston Prezidenti Nursulton Nazarboev tavallud ayyomini nishonlamoqda, deb xabar berdi Tengrinews.kz.
Nursulton Abishevich Nazarboev 1940 yil 6 iyul kuni Olmota viloyatining Chemolgan qishlog`ida, Abish va Aljan Nazarboevlar ishchi oilasida dunyoga kelgan.

Farzand tug`ilgan kuni qarindosh-urug`lar turli ismlarni taklif qilishgan. Oxir-oqibat bolaning buvisi o`zining yakuniy qarorini aytgan: "Nevaram bir vaqtning o`zida ikki ism egasi bo`lsin - Nur va Sulton, uning ismi Nursulton bo`lsin".
Nursulton Nazarboev Qozog`istonni mustaqil davlat sifatidagi birinchi kunlaridanoq boshqarib keladi. U 1991 yil 1 dekabrda saylovchilarning 98,7 foiz ovoziga ega bo`lib, Prezident sifatida e`lon qilingan.
Davlat rahbarining 2015 yil 26 aprelda bo`lib o`tgan so`nggi navbatdan tashqari saylovlarida amaldagi prezident yana bir bor g`olib bo`ldi.

Nursulton Nazarboevning lavozimlari: Qozog`iston Respublikasining birinchi prezidenti (Millat otasi), QR Qurolli kuchlar oliy bosh qo`mondoni, Qozog`iston xalq assambleyasi raisi, "Nur otan" partiyasi raisi, Jahon qozoqlar assosiasiyasi, QR Xavfsizlik kengashi raisi, QR prezidenti huzuridagi Xorijiy sarmoyachilar kengashi raisi, Ishbilarmonlar kengashi raisi, Milliy fond boshqaruvi kengashi raisi, Arxitektura kengashi raisi, Nazarboev Universiteti Oliy vasiylik kengashi raisi.
Nursulton Nazarboev qator kitoblar va maqolalar muallifidir. U ko`plab sovet, qozoq va xorijiy orden hamda medallar bilan mukofotlangan.
Davlat rahbari rasmiy lavozimlaridan tashqari, qator ilmiy unvon va maqomlarga ham ega. Nazarboev Kembrij universitetining (Buyuk Britaniya) nufuzli professori, Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining nufuzli doktori hisoblanadi. Shuningdek Nursulton Nazarboev - "Evroosiyo olimlar iqtisodiy klubi" assosiasiyasining nufuzli prezidenti.

Nazarboev Qozog`istonning yangi poytaxti tashabbuskoridir. 1998 yilning 6 mayida Prezident Farmoniga ko`ra, Oqmo`la Ostona deya qayta nomlandi. Poytaxtning rasmiy ko`chishi 1997 yilning dekabrida amalga oshdi.

Shuningdek, bugun Ostona shahrining 20 yilligi tantanali nishonlanmoqda.

Ostona Xalqaro aeroporti rasman Qozog`iston davlat rahbari sharafiga nomlangan. Shuningdek universitetlardan biri ham Nazarboev nomini olgan.
Eslatib o`tamiz, berganimizdek, Shavkat Mirziyoev Prezident Nursulton Nazarboevning taklifiga binoan bugun Qozog`istonga jo`nab ketdi.
Davlatimiz rahbari 6 iyul kuni Ostona shahrining 20 yilligiga bag`ishlangan yubiley tadbirida ishtirok etmoqda.
Qozog`istonga tashrif chog`ida ikki tomonlama uchrashuvlar o`tkazilishi ham rejalashtirilgan.






