AsosiyJamiyat

Yangi o`quv yilida maktablarning 1-sinfiga 587 ming o`quvchi qabul qilinadi

Milliy matbuot markazida O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi tomonidan 2014-2015 o`quv yilida ta`lim-tarbiya sifatini oshirishdagi ustuvor vazifalarga bag`ishlangan matbuot anjumani o`tkazildi. Bu haqda O`zA xabar beradi.  

Xabarda yozilishicha, bu yil yangi o`quv yili uchun investisiya dasturiga muvofiq 381 maktabda qurilish-ta`mirlash ishlari olib borildi. Bolalar sportini rivojlantirish jamg`armasi tomonidan sport inshootlari, bolalar musiqa va san`at maktablarini qurish hamda rekonstruksiya qilishga 209,1 milliard so`m sarflandi.

Yangi o`quv yili uchun 605 nomdagi 34,5 million nusxa darsliklar va o`quv-uslubiy qo`llanmalar chop etilib, joylarga etkazildi. 

Yangi o`quv yilida umumta`lim maktablarining 1-sinfiga 587 ming o`quvchi qabul qilinadi. Ayni paytda ular uchun 12 nomdagi o`quv qurollaridan iborat Prezident sovg`alari tayyorlanib, ta`lim dargohlariga etkazildi. Mazkur sovg`alar Bilimlar kunida bolalarga tantanali topshiriladi. 

“Sog`lom bola yili” davlat dasturiga muvofiq maktabgacha ta`lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, bolalarni maktabga tayyorlash sifati va xodimlarning kasb mahoratini oshirishga qaratilgan 2015-2020 yillarga mo`ljallangan Davlat dasturi ishlab chiqildi. Maktabgacha ta`limga qamrab olinmagan bolalarning ota-onalari uchun “Bolajon” tayanch dasturi asosida “Nutq o`stirish, o`qish va savodga tayyorlash”, “Matematik tasavvurlarni shakllantirish”, “Sog`lom tanda – sog` aql” kabi besh nomdagi qo`llanmalar tayyorlandi. Mazkur adabiyotlar maktab kutubxonalari orqali ota-onalarga tarqatiladi.

    Boshqa yangiliklar