O`tgan hafta mobaynida respublikamiz hududida 234 ta yong`inlar sodir bo`lganligi qayd etilgan. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Xabarda yozilishicha, turli sabablarga ko`ra sodir bo`lgan yong`inlarda 2 nafar fuqarolar tan jarohatlari olishgan va 3 nafar fuqarolar halok bo`lishgan. Ushbu yong`inlarda 945 mln. 439 ming 248 so`m miqdorida qurilish materiallari va 861 mln. 204 ming 642 so`m miqdorida moddiy boyliklar yong`indan saqlab qolingan.
Samarqand viloyati Payariq tumanida yashovchi S.Xamidovning uyida elektr simlarining qisqa tutashuvi natijasida yong`in sodir bo`lib, uyning 60 kv. metr maydonda tomi, shifti va uy jihozlari yonib zararlangan. Yong`in vaqtida uy egasi S.Xamidovning tutundan dimiqqan holda jasadi topilgan.
Andijon viloyati Marxamat tumanida yashovchi A.Rajabovning uyida yong`in sodir bo`lib, uyning 90 kv. metr maydonda tomi, shifti va uy jihozlari yonib zararlangan. Yong`in olovdan ehtiyotsizlik bilan foydalanish natijasida sodir bo`lgan.
Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida yashovchi Sh.Xoltoevning uyida yong`in sodir bo`lib, uyning 150 kv. metr maydonda tomi, shifti va uy jihozlari yonib zararlangan. Yong`in elektr simlarining qisqa tutashuvi natijasida sodir bo`lgan.





