AsosiyDunyo

Malaysia Airlines aviakompaniyasi 6 ming nafar xodimini ishdan bo`shatadi

Joriy yili ikkita laynerini yo`qotgan Malaysia Airlines aviakompaniyani qayta strukturizasiya qilish rejasi doirasida 6 ming nafar xodimini ishdan bo`shatadi. Bu haqda AP agentligi xabar bermoqda.

Ishchilarni bo`shatishdan tashqari, juma kuni kompaniya rahbariyatinining o`zgarishi haqida ham rasmiy bayonot berilishi kutilmoqda.  

Avvalroq, Malayziya bosh vaziri Najib Razzoq milliy aviakompaniyaning qimmat baho qog`ozlarini birjalardan olib chiqish tadbirlari boshlangani haqida ma`lum qilgan.  

Payshanba kuni Malaysia Airlines aviakompaniyasining yilning ikkinchi choragi uchun moliyaviy hisoboti paydo bo`ldi. Hujjatlarga ko`ra, joriy yilning aprel oyidan iyun oyigacha kompaniyaning zarari 92 million AQSh dollarini tashkil etgan. So`nggi uch yil ichida esa kompaniya 1,3 milliard AQSh dollari miqdorida zarar ko`rgan.

 Eslatib o`tamiz,  8 mart kuni Malayziya aviakompaniyasiga qarashli bo`lgan samolyot parvozga chiqqanidan ikki soat o`tgach, sirli tarzda g`oyib bo`lgan. Layner bortida 227 nafar yo`lovchi hamda 12 ekipaj a`zosi bo`lgan. 

Amsterdam-Kuala-Lumpur reysi bo`yicha uchgan Malaysia Airlines aviakompaniyasining Boeing 777 samolyoti esa 17 iyul kuni Ukrainaning Donesk  viloyatida qulagan.  Layner bortida bo`lgan barcha 298 kishi halok bo`lgan.

    Boshqa yangiliklar