Rio Olimpiadasi sovrindori, jahon chempioni, bugungi kunda professional boksda faoliyatini davom ettirayotgan hamyurtimiz Shahram G`iyosov navbatdagi jangini meksikalik Daniel Echeverriyaga qarshi o`tkazishi haqida xabar berib o`tgandik.
Milliy olimpiya qo`mitasi matbuot va media departamenti mazkur jang oldidan hamyurtimizning fikrlari bilan qiziqdi.
«Jangga tayyorgarlik odatdagidek davom etmoqda. Men doimiy tartibga qat`iy rioya qilaman va tayyorgarlikni aslo bo`shashtirmayman. Mashg`ulotlar juda yaxshi davom etmoqda. Bir oy davomida O`zbekistonda bo`lib, turli tadbirlarda ishtirok etdim. Tabiiyki, bu vaqt ichida mashg`ulotlarni ko`ngildagidek olib bora olmadim. Ammo, barchasi yaxshi bo`ladi. Umid qilamanki, chiroyli jang ko`rsatib, bahsni o`z foydamga hal qilaman», – dedi Shahram G`iyosov.
Eslatib o`tamiz, hamyurtimiz o`zining navbatdagi jangini 15 iyul kuni meksikalik Daniel Echeverriyaga qarshi o`tkazadi.






