Turkiya Respublikasining mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Namik Gyuner Erpul xalqimizni eng ulug`, eng aziz bayram - mustaqilligimizning 23 yilligi bilan qutladi.
“Tili, dini va madaniyati bir bo`lgan turk va o`zbek xalqlari o`rtasida do`stlik va qardoshlik rishtalari bir necha asrlarni o`z ichiga oladi, - deyiladi elchining tabrigida. - Ikki xalq hayot tarzidagi mushtarak jihatlar haqida uzoq gapirish mumkin.
Qadim tamaddunlarga mezbonlik qilgan va Buyuk ipak yo`lining markazida joylashgan O`zbekiston bugungi kunda Evroosiyo jo`g`rofiyasida o`ta muhim o`ringa ega. Binobarin bu mamlakat mintaqada yuz berayotgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalardagi tub o`zgarishlarda ham alohida ahamiyat kasb etadi. Olis o`tmishi va davlatchilik an`analari, Markaziy Osiyo nufusining taxminan yarmiga teng keluvchi 30 milliondan ortik aholisi, Osiyoning yuragidagi geostrategik mavqei, boy tabiiy zaxiralari va barakali tuprog`i bilan O`zbekiston mintaqaning eng muhim davlati sanaladi.
Ushbu mustahkam poydevor uzra istiqlolning dastlabki yillaridan boshlab muhtaram Prezident Islom Karimov rahnamoligida olib borilgan mustaqil, qat`iy, konstruktiv va tinchlikparvar siyosat O`zbekistonning xalqaro miqyosidagi mavqeining oshishiga, dunyoda o`zining mustahkam o`rnini topishiga puxta zamin yaratdi.
Turkiya ham teran davlatchilik an`analari, uzoqni ko`ra oluvchi tashqi siyosati, tezlik bilan o`sayotgan mustahkam iqtisodiyoti bilan Evroosiyo hududida o`ziga xos yuksak mavqe kasb etgan. Binobarin har ikki mamlakat o`rtasida har tomonlama hamkorlik aloqalarining mustahkamlanishi mamlakatlarimiz taraqqiyotida muhim o`rin tutadi. Bugungi kunda savdo-iqtisodiy aloqalar bilan bir qatorda, transport, qishloq xo`jaligi, turizm, ta`lim, sog`liqni saqlash, va boshqa turli sohalarda o`zaro munosabatlarni rivojlantirishimiz uchun katta salohiyat mavjud.
Shu munosabat bilan ikki davlat o`rtasidagi hamkorlikni o`zaro ishonch, ehtirom va umumiy manfaatlar tamoyili asosida qisqa vaqt mobaynida munosib darajaga ko`tarish muhim va ustuvorlik ahamiyat kasb etmoqda.
Ana shunday quvonchli damlarda, O`zbekiston ahlini eng ulug`, eng aziz bayram--mamlakat mustaqilligining 23-yilligi bilan samimiy muborakbod etaman. O`zbekistonga va qardosh o`zbek xalqiga tinchlik, baxt, muvaffaqiyat va farovonlik tilayman. Xalqlarimiz o`rtasidagi do`stlik abadiy bo`lsin!”