Mamlakatimiz mustaqilligining 27 yilligini nishonlash arafasida Varshava shahrida polyak tilida “O`zbekiston Respublikasining 27 yillik mustaqil va barqaror rivojlanishiga bag`ishlanadi” nomli kitob chop etildi.
TIV matbuot xizmati xabariga ko`ra, kitobda mustaqillik yillarida mamlakatimizning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va boshqa jabhalarda qo`lga kiritgan yutuqlari haqida batafsil ma`lumotlar taqdim etilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligida amalga oshirilayotgan 2017 — 2021 yillarda rivojlanishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasiga alohida e`tibor qaratilgan. Xususan, iqtisodiy rivojlanish, bank islohotlari, shuningdek, qishloq xo`jaligidagi o`zgarishlar hamda sog`liqni saqlash va sportni rivojlantirish borasidagi chora-tadbirlar, aholining ijtimoiy himoyasini ta`minlash kabi muhim yo`nalishlardagi mamlakatimizning yutuqlari to`laqonli tahlil qilingan.
O`zbekistonning Polshadagi elchixonasi bergan ma`lumotlarga ko`ra tashqi siyosat, BMT, Evropa Ittifoqi, boshqa davlatlar va mintaqalar bilan iqtisodiy hamkorlikning ustuvor yo`nalishlari maqolalarda muhim o`rinni egallaydi. Mualliflar o`quvchilarni O`zbekistonning xorijiy davlatlar va tashkilotlar bilan munosabatlarini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqqan mamlakatning muhim xalqaro tashabbuslari bilan tanishtiradi.
Nashrning maxsus bo`limlar siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalardagi O`zbekiston-Polsha munosabatlarining rivojlanishi, O`zbekistonda turistik infratuzilmaning takomillashtirilishi va asosiy turistik yo`nalishlar, milliy oshxonaning o`ziga xos jihatlariga bag`ishlangan. Shuningdek, mamlakatimizga tashrif buyurmoqchi bo`lgan polshalik turistlari bilishlari kerak bo`lgan ma`lumotlar ham qisqacha shaklda taqdim etilgan.
