AsosiyJamiyat

Alisher Shodmonov: dori vositalarini davlat ro`yxatidan o`tkazish tizimidagi ortiqcha to`siqlarga barham beriladi

'Alisher Shodmonov: dori vositalarini davlat ro`yxatidan o`tkazish tizimidagi ortiqcha to`siqlarga barham beriladi 'ning rasmi

Milliy matbuot markazida O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi va Farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligi tomonidan “Aholini arzon va sifatli dori-darmon bilan ta`minlash tibbiyot sohasida o`tkazilayotgan islohotlarning bosh maqsadlaridan biri” mavzusida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 noyabrdagi «Farmasevtika tarmog`ini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlar to`g`risida»gi qarori hamda joriy yil 20 iyundagi “Dori vositalarini davlat ro`yxatidan o`tkazish samaradorligini oshirish va aholini ular bilan ta`minlashni yaxshilash chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoni aholi va tibbiyot muassasalarini sifatli dori-darmon bilan ta`minlashda muhim dasturilamal bo`lib xizmat qilayotgani ta`kidlandi.

Bugungi kunda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 152 farmasevtika korxonasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan 2 ming 500 nomga yaqin dori-darmon amaliyotda keng qo`llanilmoqda. Joriy yilda davlat tibbiyot tashkilotlariga dori vositalari va tibbiy buyumlar sotib olish uchun 914,6 milliard so`m, ya`ni 2017 yilga nisbatan 2,5 barobar ko`p mablag` yo`naltirildi. Qishloq vrachlik punktlari, qishloq oilaviy poliklinikalari va boshqa birlamchi tibbiyot muassasalari qoshida 2200 dan ortiq ijtimoiy dorixonalar faoliyati yo`lga qo`yildi. 13 “Isuzu”, 100 ta “Damas” rusumli mashina ko`chma dorixonalar olis va tog`li hududlarda yashaydigan aholiga xizmat ko`rsatmoqda.

Ayni paytda farmasevtika sanoatiga ixtisoslashgan “Nukus-farm”, “Zomin-farm”, “Kosonsoy-farm”, “Sirdaryo-farm”, “Boysun-farm”, “Bo`stonliq-farm” va “Parkent-farm” kabi erkin iqtisodiy zonalari (EIZ) ro`yxatga olingan bo`lib, ushbu hududlarda dorivor o`simliklarni etishtirish va farmasevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan loyihalarni amalga oshirish maqsadida 518,9 gektar er maydoni tanlab olindi. Mazkur erkin iqtisodiy zonalar hududida qiymati 1 trillion 361,1 milliard so`mga teng 30 loyiha amalga oshirilishi va buning natijasida 1 ming 903 yangi ish o`rni yaratilishi rejalashtirilgan.

Hozir EIZlar hududida amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida 400 milliard so`mga yaqin mablag`lar o`zlashtirildi. Jumladan, yirik loyihalardan “Sirdaryo” EIZda “Sirdaryo Universal Oyna” mas`uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qiymati 360 milliard so`mga teng “Farmasevtika shisha idishlari ishlab chiqarish” va “Pharma Plast Holding” mas`uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 25 milliard so`mlik “Tibbiyotda bir martalik ishlatiladigan flakonlar ishlab chiqarishni tashkil etish” loyihalari ishga tushirilgan.

Mamlakatimizda yaratilayotgan qulay ishbilarmonlik muhiti sababli, xorijiy investorlar tomonidan O`zbekiston farmasevtika sanoatiga kiritilayotgan investisiyalar ulushi ortmoqda. Hozirgi kunda xorijiy investisiyalar ishtirokida umumiy qiymati 123,9 million AQSh dollariga teng 9 investision loyiha amalga oshirilmoqda. Shundan 87,32 million AQSh dollarini chet el investisiyalari tashkil etadi. Ushbu investisiyalar, asosan, Xitoy, Hindiston, Germaniya, Buyuk Britaniya va Turkiya investorlar. tomonidan kiritilmoqda.

– 2018 yil 1 avgustdan boshlab, davlat ro`yxatidan o`tkazish uchun yuqori tartibga soluvchi talablar qo`yilgan mamlakatlarda amalga oshirilgan dori vositalarini davlat ro`yxatidan o`tkazish natijalarini tan olish tartibi joriy etiladi, – dedi sog`liqni saqlash vaziri A.Shodmonov. – Bu esa dori vositalarini davlat ro`yxatidan o`tkazish tizimidagi ortiqcha to`siqlarga barham beradi. Davlat ro`yxatidan o`tkazish natijalari O`zbekiston Respublikasida tan olinadigan dori vositalarini yuqori tartibga soluvchi talablar qo`yilgan mamlakatlarning tibbiyot amaliyotida qo`llashga ruxsat etilgan taqdirda amalga oshiriladi. Buning natijasida sifatsiz vositalarning mamlakatimizga kirib kelishi oldi olinadi.

Anjumanda jurnalistlar qiziqtirgan savollariga javob oldi.

    Boshqa yangiliklar