Samarqand shahrida 1-3 oktyabr kunlari BMT Jahon sayyohlik tashkiloti Ijroiya kengashining 99-sessiyasi bo`lib o`tadi. Bu haqda O`zA xabar beradi.
“Prezidentimiz Islom Karimovning 2014 yil 1 avgustdagi farmoyishiga muvofiq tashkil etilayotgan ushbu anjumanda Osiyo, Evropa, Shimoliy va Janubiy Amerika hamda Afrika qit`alaridan ko`plab olimlar, nufuzli xalqaro sayyohlik tashkilotlari rahbar va vakillari, ilmiy markazlar va institutlar mutaxassislari, ekspertlar ishtirok etishi kutilmoqda”,-deyiladi xabarda.
Tadbir doirasida mamlakatimizga sayyohlarni yanada kengroq jalb qilish borasida chet ellik mutaxassislar bilan o`zaro fikr va mulohaza almashiladi, hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko`rib chiqiladi.
Anjumanda ko`p asrlik qadimiy va betakror shaharlarimizning boy tarixiy va madaniy merosi, yurtimizning fusunkor tabiati va turizm infratuzilmasi haqida hikoya qiluvchi film va video-roliklar namoyish etiladi. Sessiya qatnashchilari Samarqand va Buxoro shaharlaridagi tarixiy, ilmiy va madaniy obidalar, istiqlol yillarida amalga oshirilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishadi.
BMT Jahon sayyohlik tashkilotining internet tarmog`idagi www.unwto.org manzilida mazkur xalqaro anjuman haqida maxsus sahifa ochilgan.





