2014 yilning 28 avgust kuni Oliy majlis senatining navbatdagi yig`ilishida O`zbekiston Respublikasining bir qator qonun hujjatlariga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida qaror qabul qilindi. Xususan, O`zbekiston Respublikasining Jinoyat-prosessual kodeksiga uy qamog`i to`g`risida qo`shimchalar kiritildi.
Unga ko`ra, uy qamog`i gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga yoki sudlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini tanlash uchun asoslar mavjud bo`lganida uning yoshini, sog`lig`i holatini, oilaviy ahvolini va boshqa holatlarni hisobga olgan holda qamoqqa olish maqsadga nomuvofiq deb topilgan taqdirda qo`llaniladi.
Uy qamog`i gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining jamiyatdan to`liq yoxud qisman ajratib qo`yilib, o`zi mulkdor, ijaraga oluvchi sifatida yoki boshqa qonuniy asoslarda yashab turgan turar joyda taqiqlar (cheklovlar) yuklatilgan, shuningdek uning ustidan nazorat amalga oshirilgan holda bo`lishidan iborat bo`ladi.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi barcha taqiqlarga (cheklovlarga) yoxud ulardan ayrimlariga duchor etilishi mumkin.
Qamoqqa olinganning yashash joyi qo`riqlanishi mumkin. Zarur hollarda uning xulq-atvori ustidan nazorat o`rnatiladi.
O`rnatilgan taqiqlar (cheklovlar) uy qamog`ida bo`lgan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi tomonidan buzilgan taqdirda unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilishi mumkin.





