O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov joriy yilning 3 sentyabr kuni «Toshkent davlat sharqshunoslik instituti tarkibida xitoyshunoslik fakultetini tashkil etish to`g`risida»gi qarorni imzoladi. Bu haqda Podrobno.uz nashri xabar beradi.
Ushbu hujjat zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan foydalangan holda ilg`or o`qitish uslublarini joriy etish asosida Xitoy tarixi, madaniyati, siyosati va iqtisodiyoti sohasida chuqur bilimlarga ega bo`lgan va xitoy tilini biladigan yuqori malakali xitoyshunos mutaxassislarni tayyorlash maqsadida qabul qilindi.
Prezident Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining Toshkent davlat sharqshunoslik instituti tarkibida xitoyshunoslik fakultetini tashkil etish to`g`risidagi taklifini ma`qulladi.
Shu munosabat bilan, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi, sharqshunoslik instituti rektorati 2014/2015 o`quv yili uchun bakalavriatga qabul kvotalari hisobidan
-xitoy filologiyasi ta`lim yo`nalishi bo`yicha 35 talaba;
-jahon siyosati bo`yicha 25 talaba;
-mamlakatlar iqtisodiyoti va mamlakatshunoslik yo`nalishi bo`yicha 25 nafar talabadan iborat o`quv guruhlarini tashkil etiladi.
Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligiga Tashqi iqtisodiy aloqalar, investisiyalar va savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda Toshkent davlat sharqshunoslik instituti bilan Xitoyning shu yo`nalishdagi etakchi universitetlari va institutlari o`rtasida institutda ishlash hamda o`qituvchilik qilish uchun taniqli mutaxassislar va xitoyshunos olimlarni jalb etish, institutning xitoyshunoslik fakulteti talabalari va o`qituvchilarining malaka oshirishini tashkil etish, birgalikdagi o`quv va tadqiqot dasturlarini amalga oshirish maqsadida sheriklik aloqalarini yo`lga qo`yish, sharqshunoslik instituti huzuridagi Konfusiy Instituti faoliyatini yanada rivojlantirish, shuningdek institut faoliyatini tashkil qilish uchun grantlarni jalb etish bo`yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish vazifasi yuklatildi.





