AsosiyJamiyat

30 iyul — Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni

'30 iyul — Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni'ning rasmi

O`zbekistonda odam savdosi bilan bog`liq jinoyatlar oqibatlariga qarab o`n ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan jazolanishiga olib kelishi mumkin.

Xalqaro mehnat tashkilotining hisob kitoblariga ko`ra butun dunyoda 21 million kishi majburiy mehnatning jabrlanuvchilari hisoblanadi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali xabar bermoqda.

Dunyodagi barcha mamlakatlar odam savdosidan jabrlanishadi. BMT ma`lumotlariga ko`ra, odam savdosi qurbonlarining 71 foizini ayollar va bolalar tashkil etadi.

2010 yil 30 iyulda BMTning Bosh Assambleyasi 64/293-rezolyusiyasi bilan Odam savdosiga qarshi kurashish bo`yicha BMTning Global harakat dasturini qabul qilingan. Mazkur harakat dasturida ushbu jinoyatning oldini olish, jabrdiydalarning himoyasi, jinoyatchilarni ta`qib etish va barcha yo`nalishlarda hamkorlikni mustahkamlash bo`yicha chora-tadbirlar ko`zda tutilgan.

2013 yilda esa 30 iyul BMT tomonidan Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni deb e`lon qilindi.

O`zbekistonda odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida 2008 yil 17 aprelda “Odam savdosiga qarshi kurashish to`g`risida”gi Qonun qabul qilingan.

Qonunga muvofiq, odam savdosiga qarshi kurashish – odam savdosining oldini olish, uni aniqlash, unga chek qo`yish, uning oqibatlarini minimallashtirish, odam savdosidan jabrlanganlarga yordam ko`rsatish bo`yicha faoliyatni o`z ichiga oladi.

Quyidagilar odam savdosiga qarshi kurashish faoliyatini amalga oshiruvchi davlat organlari hisoblanadi:

• Ichki ishlar vazirligi;

• Davlat xavfsizlik xizmati;

• Tashqi ishlar vazirligi, O`zbekistonning diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari;

• Sog`liqni saqlash vazirligi.

Odam savdosidan jabrlanganlarga yordam ko`rsatish va ularni himoya qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan odam savdosidan jabrlanganlarga yordam ko`rsatuvchi va ularni himoya qiluvchi ixtisoslashtirilgan muassasalar tashkil etiladi.

Ixtisoslashtirilgan muassasalarning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

• odam savdosidan jabrlanganlarga qulay yashash va shaxsiy gigiena sharoitlarini ta`minlash;

• odam savdosidan jabrlanganlarni oziq-ovqat, dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta`minlash;

• odam savdosidan jabrlanganlarga shoshilinch tibbiy, psixologik, ijtimoiy, yuridik va boshqa xil yordam berish;

• odam savdosidan jabrlanganlarning xavfsizligini muhofaza qilish;

• odam savdosidan jabrlanganlarning qarindoshlari bilan aloqa o`rnatilishiga ko`maklashish;

• odam savdosidan jabrlanganlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari haqida axborot berish;

• odam savdosidan jabrlanganlarni ijtimoiy reabilitasiya qilishga ko`maklashish.

Jinoyat kodeksiga asosan, odam savdosi, ya`ni odamni olish-sotish yoxud odamni undan foydalanish maqsadida yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish jinoyati jinoyatning ko`lami, jabrlanuvchilar shaxsi, oqibatlariga qarab o`n ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan jazolanishiga olib kelishi mumkin.

    Boshqa yangiliklar