O`tgan asrning 70-80-yillarida Evropa davlatlarida odam savdosi keskin rivojlandi.
XXI asr inson uchun juda ko`p salbiy unsurlarni olib keldi. Terrorizm, giyohvandlik, qurol-yarog`, odam savdosi, fohishabozlik muammolari, missionerlar nayranglari shunday illatlar jumlasidandir. Keyingi yillarda odam savdosi bilan bog`liq jinoyatlar jiddiy tashvish va xavotirlarni keltirmoqda.
O`tgan asrning 70-80-yillarida Evropa davlatlarida odam savdosi keskin rivojlandi. Tahlilchilarning fikricha, jahon iqtisodiyotining rivojlanishi, transport taraqqiyoti, mahalliy va davlatlararo migrasiya jarayoni odam savdosi bilan shug`ullanuvchilarning faoliyati avj olishiga sabab bo`ldi. XX asrning 80-90-yillariga kelib uyushgan transmilliy jinoyat sifatida odam savdosi dunyo miqyosida dolzarb muammolardan biriga aylandi. Keyingi yillarda odam savdosi tufayli yuzaga kelayotgan global xavf qanchalik ortib borayotgan bo`lsa, dunyoning qator mamlakatlarida bu jinoyatga qarshi kurashishga qaratilgan chora-tadbirlar ko`lami ham shunchalik kengaymoqda.
Odam savdosining uyushgan transmilliy jinoiy faoliyat sifatida asosiy farq qiluvchi xususiyati bo`lib, uni sodir etish oqibatida jismoniy shaxslar tovarga aylanadilar. Ya`ni odamlar sotib olish yoki sotib yuborish, hadya qilish, topshirish uchun ob`ekt bo`lishlari mumkin. Boshqacha qilib aytganda, ular jonsiz buyumlarga tenglashtiriladilar.
Jabrlanuvchilar asosan o`z yurtidan boshqa davlatlarga tranzit qilish, chegaralardan o`tkazish orqali sotib yuboriladi. Bu illatga qarshi barcha davlatlar hamkorlikda faoliyat yuritishlari zarurligi sababli, Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning eng ko`p e`tibor qaratayotgan faoliyat yo`nalishlaridan biriga aylandi. Ayni shu illatga qarshi kurashish maqsadida BMT odam savdosiga qarshi kurash harakati borasida global rejasini qabul qildi. Hujjatda zamonaviy qullikni yo`q qilish maqsadida jahon hamjamiyati uyushgan jinoiy guruhlarni yo`q qilishda birgalikda kurashish kerakligi ta`kidlanadi. Rejada jinoiy guruhlar faoliyatiga barham berish maqsadida aniq chora-tadbirlar ko`rishi belgilab qo`yilgan.
Ayni damda BMTning odam savdosiga qarshi kurash borasidagi global rejasi kuchga kirdi. Ma`lumiki, bu reja, BMT Bosh Assambleyasining barcha a`zolari tomonidan bir ovozdan qabul qilingan edi. Lekin faktlardan ko`z yumib bo`lmaydi. Hozircha jahon hamjamiyati odam savdosi bilan bog`liq jirkanch illatning ildizini yo`q qilishga muvaffaq bo`lganicha yo`q. Xalqaro tahlilchilarning so`zlariga qaraganda, har yili er yuzida 4 milliondan ortiq katta yoshdagi kishi o`z xohishlariga qarshi ushlanadilar, sotiladilar, sotib olinadilar. 21-asrning sharmandali ko`rinishi bo`lmish odam savdosi tufayli har yili katta yoshdagi kishilardan tashqari 10 million bola qullikka giriftor bo`lmoqda.
Har yili o`rtacha 2 millionga yaqin ayol o`z mamlakatlari chegaralaridan olib o`tilib, qullikka sotiladi. Ma`lumotlarga ko`ra, hozir dunyo bo`yicha taxminan 27 million kishi odam savdosi tufayli qullik holatiga tushib qolgan. Bu borada Nepal, Sudan, BAA, Hindiston, Gabon, Gaiti kabi davlatlarda eng og`ir holatlar kuzatilmoqda.
Bugungi kunda jinoiy biznes deb atalmish odam savdosi keng qamrovli tus olgani bois mazkur illat orqali topilayotgan daromadlar noqonuniy qurol-yarog` va olmos savdosi keltiradigan daromadlarga tenglashdi. Xalqaro hamjamiyat ma`lumotlariga ko`ra, har yili odam savdosi bilan shug`ullanuvchi uyushgan jinoiy guruhlar 32 milliard AQSh dollari miqdorida daromad topishadi.
Ma`lumki, BMT tomonidan odam savdosi (ayniqsa, ayol va bolalar savdosi)ga to`siq qo`yish maqsadida hujjat qabul qilingan edi. Bu hujjatga ko`ra, odam savdosi og`ir jinoyat va inson huquqlarini qo`pol suratda buzilishi sifatida ko`riladi. Odam savdosidan dunyodagi biror bir davlat chetda qolmagani aytiladi. Ya`ni qaysidir davlatdan tirik tovarlar olib chiqilsa, ikkinchi davlatga odam savdosi qurbonlari etkazib beriladi. Jinsiy ekspulatasiya, majburiy mehnat, ko`chalarda tilanchilik qilish va inson organlarini transplantasiya qilish maqsadida tirik odamlarni sotish odam savdosi deya atalmish illatning - zamonaviy qullikning ko`rinishidir.
Hisobotlarga ko`ra, ayni damda Evropa Ittifoqi mamlakatlarida taxminan 880 000 kishi majburiy mehnatga jalb qilingan. “Qo`hna q
it`a”da 3600 xalqaro uyushgan jinoiy guruh faoliyat yuritayotgani aytiladi. Bu guruhlar bir yilda odam savdosidan 25 milliard evro, inson organizmlari savdosi va yovvoyi ekzotik hayvonlar noqonuniy savdosidan esa 18-26 milliard evro daromad ko`rmoqda.
Bugungi kunda dolzarb masalalardan biri bo`lgan – ona tilimizga, milliyligimizga mutlaqo yot bo`lgan “odam savdosi” deb atalmish transmilliy jinoyatning oldini olish va unga qarshi kurashish borasida yurtimizda ham qator huquqiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Odam savdosi transmilliy, ya`ni hudud va chegara tanlamaydigan jinoyat ekanligi hisobga olinib, O`zbekiston 2003 yil 12 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1950 yilda qabul qilingan “Odam savdosi va fohishalikning uchinchi shaxslar tomonidan ishlatilishiga qarshi kurash to`g`risida”gi Konvensiyaga qo`shildi. Shuningdek, mamlakatimiz parlamenti tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 2000 yil 15 noyabrda qabul qilingan “Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash to`g`risida”gi Konvensiyaga hamda odam savdosi, ayniqsa, ayollar va bolalarni sotishning oldini olish, unga chek qo`yish va buning uchun jazolash to`g`risidagi qo`shimcha hujjatlar imzolandi. 2008 yilning 17 aprelida “Odam savdosiga qarshi kurashish to`g`risida”gi Qonunning hamda 2008 yilning 8 iyulida “Odam savdosiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Qarori bilan qonun normalari amalga yanada samarali tadbiq etilmoqda.
Xavfsizligimizga tahdid solayotgan terrorizm, odam savdosi va boshqa transmilliy jinoyatlarga qarshi murosasiz kurashishimiz, doimo ogoh va hushyor bo`lishimiz lozim. Odam savdosiga qarshi kurashishda aholi, ayniqsa yoshlar o`rtasida illatning havfli oqibatlari haqida tushuntirish ishlarini olib borish, fuqarolarni mavjud holatdan ogoh etish muhim.
Sharofiddin To`laganov, O`zA






