Hajga borishni orzu qilib, Makkai mukarama va Madinai munavvaraga qadami etishini diliga tugib olgan vatandoshlarimizning birinchi guruhi bugun tongda Saudiya Arabistoniga jo`nab ketdi, deb xabar bermoqda O`zbekiston Musulmonlari idorasi.
Xabarda qayd etilishicha, Saudiyaga bir necha kun oldin etib borgan ishchi guruhi hojilarimizni kutib olish uchun barcha zaruriy choralarni ko`rib qo`ygan. Hojilarimizga hashamatli mehmonxona, eng qulay sharoitlar, iste`mollari uchun turli vaqtlarda tayyorlanadigan pokiza va lazzatli taomlar, boradigan manzillariga etkazib qo`yuvchi salqin avtobuslar, o`zini rohatsiz sezib qolgudek bo`lganlarga malakali tibbiy xizmatlar, boringki, ularning nima ehtiyoji bo`ladigan bo`lsa, hammasi a`lo darajada muhayyo qilingan.
O`zbekistonlik hojilarga shunday sharoitlar muhayyo qilinganki, ular hech narsaga chalg`imaydi, hech narsa haqida o`ylamaydi, hech narsadan xavotirga tushmaydi, faqat ibodat qiladi, ibodatning lazzatini his qiladi. Haj amalini bu qadar qulay sharoitlarda bajarish ne-ne shavkatli zotlarning orzusi bo`lib kelganini tasavvur qilishning o`ziyoq bizning vatandoshlarimizning tolei qanchalik balandligiga dalolat qiladi.
«Hojilarimizni – otaxon-u onaxonlarimizni, aka-ukalarimizni, opa-singillarimizni o`z bag`riga joylab havoga ko`tarilgan ulkan havo laynerining ortidan qarab, qo`llarimizni duoga ochib ularning haqqiga duolar qilib qoldik: Yo`llaringiz ochiq va oydin, ibodatlaringiz maqbulu manzur bo`lsin! Hajingiz muborak, aziz yurtdoshlar!», deyiladi O`zbekiston Musulmonlari idorasi xabarida.






