Shu yilning 19-29 iyul kunlari o`tkazilgan 50-Xalqaro kimyo olimpiadasida o`zbekistonlik o`quvchilar 2 ta bronza medalni qo`lga kiritdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Xalqaro kimyo olimpiadasi (International Chemistry Olympiad — IChO) o`quvchilar o`rtasida o`tkaziladigan eng muhim nufuzli xalqaro tadbir hisoblanib, unda har yili dunyoning 80ga yaqin davlatidan 300 nafardan ortiq iqtidorli o`quvchilari ishtirok etadi.
Joriy yilda Bratislava (Slovakiya)da boshlanib Praga (Chexiya)da yakunlangan Xalqaro olimpiadada O`zbekistondan 4 nafar o`quvchi qatnashdi. Ulardan ikki nafari sovrindorlar qatoridan joy oldi. Toshkent pediatriya tibbiyot instituti qoshidagi akademik lisey o`quvchilari Jaloliddin Aloviddinov va Dildora Hakimboeva bronza medali sohibiga aylandi.






