AsosiyJamiyat

Islom Karimov ShHT sammiti doirasida bir qator davlat rahbarlari bilan uchrashdi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 11-sentyabr kuni Shanxay hamkorlik tashkilotiga a`zo mamlakatlar Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun Tojikiston poytaxtiga keldi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati xabar beradi.  

ShHT oliy organining bu yilgi majlisi Tojikistonning ushbu tashkilotga raisligi doirasida o`tkazilmoqda.

Islom Karimov sammitga ShHTda kuzatuvchi maqomidagi mamlakat rahbari sifatida tashrif buyurgan Eron Islom Respublikasi Prezidenti Hasan Ruhoniy bilan uchrashdi.

Tomonlar turli sohalardagi o`zaro munosabatlarning bugungi holatini muhokama qildi, bu aloqalarni, xususan, savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan fikr almashdilar.

Shu kuni O`zbekiston Prezidenti Islom Karimov Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon bilan uchrashdi. Ikki davlat rahbarlari o`zaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan, jumladan, Afg`onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish borasida fikr almashdilar.

Tojikiston Prezidenti g`oyat mazmunli suhbat uchun Prezident Islom Karimovga minnatdorlik bildirdi. Imomali Rahmon O`zbekistonning ShHT faoliyati samaradorligi va xalqaro nufuzini oshirishga qaratilgan amaliy tashabbuslari o`z vaqtida ilgari surilgani va ular har tomonlama asosli ekanini ta`kidladi.

Prezident Islom Karimov Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan ham muzokara o`tkazdi.

Bugungi kunda O`zbekiston va Rossiya o`rtasidagi hamkorlik o`zaro manfaatdorlik xususiyatiga ega. Savdo-iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanmoqda. 2013-yil yakunlariga ko`ra, o`zaro tovar ayirboshlash hajmi 7,1 milliard AQSh dollarini tashkil etgani buning tasdig`idir. Ikki yuzdan ortiq davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo bitim va shartnomalar hamkorlikning mustahkam huquqiy asosi bo`lib xizmat qilmoqda.

Islom Karimov va Vladimir Putin mamlakatlarimiz o`rtasidagi muloqotlarning muntazamligi muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdilar.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Dushanbe shahriga tashrifi davom etmoqda. Davlatimiz rahbari 12-sentyabr kuni ShHTga a`zo mamlakatlar Davlat rahbarlari kengashining 14-majlisida ishtirok etadi.

    Boshqa yangiliklar