AsosiyJamiyat

Gavhar Zokirova Prezident bilan uchrashuvdagi bir holat sira yodidan chiqmasligini aytdi

'Gavhar Zokirova Prezident bilan uchrashuvdagi bir holat sira yodidan chiqmasligini aytdi'ning rasmi

O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning ijodkor ziyolilar bilan bo`lgan uchrashuviga ham bir yil bo`ldi. Undagi bir holat sira yodimdan chiqmaydi...

Uchrashuvdagi muhim voqea. O`zbekiston xalq rassomi Akmal Nurning ijodiy yo`nalishdagi oliy o`quv yurtlariga yoshlarni qabul qilishda test orqali qo`liga qalam ushlashni bilmaganlar o`qishga kirib, iste`dodlar ko`chada qolayotgani haqidagi fikrini Prezidentimiz o`sha erning o`zida hal etdi, men ham testga qarshiman, kerak emas, dedi. Natijada qobiliyat sohiblari test jarayonida emas, ijodiy imtihon orqali saralanmoqda.

Biz – katta avlod vakillari faqat ijodiy imtihonni bilardik. Ammo bir necha yildan buyon foydalanilgan test tizimi ko`plab sohalarda kadrlar taqchilligini keltirib chiqardi. Nihoyat, bunday samarasiz yondashuvga chek qo`yildi.

Teatr sohasida ham katta islohotlar bo`ldi, homiylar biriktirildi. Xususan, bizning O`zbek Milliy akademik drama teatri jamoasi ham turli davlatlarda bo`lib, sahna asarlarini namoyish etib keldi. Avvallari bunday holat kamdan-kam bo`lardi, boisi teatrning moddiy ahvoli buni ko`tarmagan.

Bundan tashqari, boshqa davlatlar teatr ustalari teatrimizda pesalarini namoyish eta boshladi. Qozog`istonlik ijodkorlar ishtirokidagi Chingiz Aytmatov qalamiga mansub “Oq kema” asari premerasi shular jumlasidandir.

Yosh rejissyorimiz Asqar Xolmo`minov esa bu asarni Qashqadaryo teatrida sahnalashtirdi. O`zbekiston xalq artisti Erkin Komilov vohada bir oy yashab, Mo`min chol obrazini o`ynadi. Poytaxt va viloyat teatrlari o`zaro hamkorlikni yo`lga qo`ydi. Aslida shuning o`zi olamshumul yangilikdir.

Xizmat safari bilan viloyatlarda bo`lamiz. Odamlar bilan suhbat chog`ida ularning dunyoqarashi o`zgarayotgani, hayotdan rozi bo`lib yashayotganiga amin bo`lyapmiz. Bunga shunchaki erishilmayapti, albatta. Buning zamirida Yurtboshimiz rahnamoligida olib borilayotgan xalqchil islohotlar bor. Prezident Shavkat Mirziyoevning “Adabiyot va san`at, madaniyatni rivojlantirish – xalqimiz ma`naviy olamini yuksaltirishning mustahkam poydevoridir“ nomli O`zbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvdagi ma`ruzasida ta`kidlaganidek: “Inson qalbini, uning dard-u tashvishlarini, xalqning orzu-intilishlari, Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg`usini betakror so`z, ohang va ranglarda tarannum etishni o`z hayotining ma`no-mazmuni deb biladigan siz, muhtaram ijod ahlining mehnati naqadar mashaqqatli, mas`uliyatli va sharafli ekanini barchamiz yaxshi bilamiz“.

Ayniqsa, ma`naviyatga, adabiyotga e`tibor qaratilib, yoshlarimizning har tomonlama sog`lom kamol topishi yo`lida ko`p ezgu ishlar qilinmoqda. Yaqinda bir kitob taqdimoti uchun viloyatga borganimizda, hokim yig`ilgan 300-400 odamga bepul kitob tarqatdi. Qarang, qanday go`zal holat?

Ishonamiz, elimizda adabiyot va san`at yanada gullab-yashnaydi. Bunday yurtga esa ko`kdan doimo osoyishtalik, baxtu baraka inadi.

Gavhar Zokirova,

O`zbekiston xalq artisti

O`zA

    Boshqa yangiliklar