AsosiyJamiyat

Oilaviy zo`ravonlik – jamiyat dardi

'Oilaviy zo`ravonlik – jamiyat dardi'ning rasmi

Oilaviy zo`ravonlikni hech qanday sharoitda oqlab bo`lmaydi, chunki u insonning asosiy huquqlariga (hayoti, sog`ligi, sha`ni, qadr-qimmati, erkinligi) daxl qiladi. Zo`ravonlik faqat jismoniy kuch ishlatish bilan emas, ruhiy, axloqiy, iqtisodiy va maishiy bosim ko`rinishlarida namoyon bo`lishi va oilaning har qanday a`zosiga nisbatan qo`llanishi mumkin. Haqoratlash, majburlash, zo`rlash, iqtisodiy cheklovlar qo`yish, muntazam ruhiy qiynoqqa solish kabi holatlar ham zo`ravonlik sifatida baholanadi. Qonun fuqarolarni zo`ravonlikning har qanday turidan himoyalaydi.

Oilaviy zo`ravonlik nima?

O`zbekiston Respublikasi qonunchiligida “oilaviy-maishiy zo`ravonlik” atamasiga izoh berilmagan. Ammo xalqaro miqyosda bu termin keng qo`llanadi. Oilaviy zo`ravonlik faqat bir mamlakat va millatga xos illat emas, u bilan butun dunyo kurashib keladi. Shuning uchun ta`rifni xalqaro manbalardan keltiramiz.

Oilaviy-maishiy zo`ravonlik – oilaning bir a`zosiga nisbatan boshqa bir a`zosi yoki a`zolarining muntazam davom etib keluvchi, takrorlanib turuvchi zo`ravonligidir va u asosan oila ichida ro`y beradi. Jismoniy, ruhiy, jinsiy va iqtisodiy zo`ravonlik kabi ko`rinishlarda namoyon bo`lishi mumkin.

Jahon miqyosidagi statistika va umumiy tendensiyalarga nazar tashlasangiz, oilaviy zo`ravonlikdan asosan ayollar va bolalar jabr ko`rayotgani ma`lum bo`ladi. Lekin bu mutlaq xarakterga ega emas, ya`ni oilada erkak kishining ham ayoli yoki ota-onaning farzandlar yoxud boshqa oila a`zolari tomonidan ruhiy bosim ostida yashab kelishi kuzatiladi. Bu ham oilaviy zo`ravonlikning bir ko`rinishi sanaladi. Chunki, mazkur holatda shaxsning birlamchi huquqlari buziladi, natijada jabrlangan shaxs jiddiy psixosomatik kasalliklar orttirishi yoki boshqa ayanchli holatlari ro`y berishi mumkin.

Oilaviy zo`ravonlikning eng og`ir oqibatlaridan yana biri farzandlar ruhiy holati va axloqiga etkaziladigan jiddiy zarardir. Ko`pincha, bolalarning o`zi ham oilaviy zo`ravonlik qurboni bo`ladi. Kichik yoshdagi bolalarda oilaviy-maishiy zo`ravonlik oqibatlari turli kasalliklar shaklida namoyon bo`lsa, o`smir yoshdagilar orasida u hol suisid holatlariga olib kelishi ham kuzatiladi.

Bundan tashqari, tarang munosabatlar, notinchlik, beqarorlik, muntazam xavotir va qo`rquv tuyg`usi tufayli bolalar tarbiyasida va ruhiyatida jiddiy o`zgarishlar bo`lishi mumkin. Bu kelajakda salbiy oqibatlarga olib kelishi shubhasiz.

Bizning mentalitetda oila oliy qadriyat sanaladi. Farzandlar kattalarga hurmat, an`analarga sodiqlik ruhida tarbiyalanadi. Biroq shu o`rinda bola huquqi va shaxs erki masalalari e`tibordan chetda qoladi. Vaholanki, O`zbekiston hududida tug`ilgan har bir bola hayotining ilk daqiqalaridanoq qonun himoyasidadir.

Shu sababli “oilaviy zo`ravonlik” atamasiga ta`rif berilganda qamrovni kengroq olish lozim bo`ladi.

Oilaviy zo`ravonlik sabablari nimada?

Har bir oilaviy zo`ravonlikning o`ziga yarasha sabablari bor. Ammo ularga olib keluvchi omillar qator umumiylikka ega.

O`zbekiston sharoitida oilaviy zo`ravonlikni xarakterlovchi quyidagi asosiy xususiyatlar farqlanadi:

a) zo`ravonning jismonan kuchliligi (ko`pincha erkakning ayolga, ota-onaning farzandga nisbatan zo`ravonligi);

b) zo`ravonlikning bir shaxsga nisbatan ko`pchilik bo`lib sodir etilishi (uchinchi shaxslarning aralashuvi);

v) jabrlangan shaxsning muammo bilan yolg`iz qolishi (huquqiy savodsizlik, ijtimoiy yolg`izlik);

g) jabrlangan shaxsga huquqiy, psixologik, tibbiy yordam berish mexanizmining zaifligi;

d) sabablar emas, vaziyatlar bilan shug`ullanish (vaqtinchalik yarashtirib qo`yish, muammoni lokal hal qilish, tub sabablarni o`rganmaslik).

Yaqinda hududlarimizdan birida ayollar (asosan kelinlar) o`rtasida o`tkazilgan ijtimoiy so`rovda ishtirok etganlarning 14 foizi oila a`zolari tomonidan kamsitilishi va eri tomonidan haqoratlanishini, 9 foizi oilada kuch ishlatilgani yoki kaltaklanganini ma`lum qilishgan.

Oilada zo`ravonlik va kamsitishlarga uchrayotgan ayollarning asosiy qismi hayotida moddiy va maishiy qiyinchiliklar mavjudligi, turmush o`rtog`ining ichkilikka ruju qo`yganligi va ro`zg`orga mas`uliyatsiz ekanligini bildirishgan.

Ma`lumotlardan ko`rinib turibdiki, qiyin iqtisodiy va maishiy sharoitda oiladagi ichki muhit ham zo`ravonlikka olib kelishi, bu esa, o`z navbatida, o`z joniga qasd qilishga moyil xulq-atvorni yuzaga keltirishi mumkin.

Nima uchun oilaviy zo`ravonlikka barham berish qiyin?

Sabablarni mushohada qilganda, mentalitetga xos xususiyatlarni e`tibordan qochirmaslik lozim. O`zbek oilalarida shaxsiy hayot, oilaviy sir – muqaddas va xalqimiz bu ma`noda ancha konsertiv hisoblanadi. Bir so`z bilan aytganda ko`pchilik holatlarda oiladagi zo`ravonlik oiladan tashqariga chiqmaydi.

O`zbek oilalari odatda ko`p a`zolik, ya`ni nafaqat er va xotin, balki ularning qarindoshlari ham munosabatlar zanjirida muhim rol o`ynaydi. Qaynona, qaynota va boshqa qarindoshlarning oiladagi kelinga zulm qilishi, uning so`zsiz bo`ysunishini, hech qanday imtiyozlar talab qilmasligini istashi yoki ota-onaning farzandga, kelinlarning betob qaynona yoki qaynotaga bosim o`tkazishi kabi holatlar kuzatiladi. Afsuski, ana shu vaziyatlar aksar hollarda javbrlanuvchining o`z joniga qasd qilishiga yoki oxirgi, kritik nuqtaga etib borguncha zulmga bardosh berib, jiddiy tan jarohatlari, ruhiy zarbalar olishiga, sog`lig`ini tiklanmas darajada yo`qotishiga sabab bo`ladi.

Qolaversa, jamiyatda birovning ichki ishiga aralashmaslik, o`z tinchini o`ylash, muammoga beparvolik va toqatlilik holatlar mavjud. Oilaviy zo`ravonlik nazoratdan chiqib, muammo kattalashgach, qilingan murojaatlar ko`pincha uchastka noziri yoki mahalla fuqarolar yig`inida tezda yopiladi, sabablar o`rganilmaydi, faqat o`sha vaziyatning o`zigagina taalluqli, vaqtinchalik choralar bilan cheklanib qolinadi. Natijada muammo chuqurroq ildiz otib boraveradi.

Achinarlisi ko`pincha jabrlanuvchining o`zi murojaat qilmaydi yoki ishni javobgarni jazolashgacha olib bormay, da`vosini qaytarib oladi. Jazolanmagan jinoyatlar esa takrorlanishi sir emas.

Boshqarib bo`lmaydigan, kishi hayotiga xavf tug`diradigan, uni o`z joniga qasd qilish darajasiga etkazadigan oilaviy zo`ravonlik katta ijtimoiy muammoga aylanib bormoqda. U bilan davlat miqyosida kurashish lozim.

O`zbekiston oilaviy zo`ravonlikka qarshi

O`tgan yili mamlakat parlamenti birovni o`z joniga qasd qilish darajasiga olib kelganlik uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytirdi. Ammo bu yurtimizda oilaviy-maishiy zo`ravonlik borasidagi ahvolni yaxshilashga sabab bo`ldi, deb aytolmaymiz.

Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonunlar – 2016” deb nomlangan hisobotida aytilishicha, hozirda dunyodagi 46 mamlakatda oilaviy zo`ravonlikni taqiqlovchi qonunlar yo`q. Ular orasida MDH hududidagi uch mamlakat – Rossiya, Armaniston va O`zbekiston ham bor. 2017 yilda Armaniston oilaviy zo`ravonlikka qarshi qonun loyihasini qabul qildi va ro`yxatdan chiqdi. O`zbekiston ham hademay bu ro`yxatdan chiqadi!

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 iyulda imzolangan “Ijtimoiy reablitasiya qilish va moslashtirish, shuningdek, oilaviy-maishiy zo`rlik ishlatishning oldini olish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarorida Adliya vazirligi oldiga “Maishiy zo`rlik ishlatishning oldini olish to`g`risida”gi Qonun loyihasini ishlab chiqish vazifasi qo`yildi, ya`ni muammo davlat rahbari nazoratiga olindi.

Qanday javobgarlik bor?

Oilaviy zo`ravonlik bo`yicha qonunchilikka doir jahon tajribasiga nazar solsak, qator e`tiborli faktlarga duch kelamiz. Masalan, Buyuk Britaniyada zo`ravonlik oilada, uy ichida sodir etilgan bo`lsa, sudlar buni ishni og`irlashtiruvchi holat deb baholaydi. Sudlarning hukm chiqarish uchun yo`riqnomasiga 2006 yili bu haqida maxsus band qo`shilgan. Shuningdek, oilada zo`ravonlik amalga oshirilgani haqida arz bilan huquq-tartibot organiga murojaat qilinsa, polisiya gumon qilinayotgan zo`ravonni 48 soatga shu oila xonadonidan olib chiqib ketishi mumkin.

Oilaviy-maishiy zo`ravonlik holatlari jinoiy va ma`muriy qonunchilik doirasida tasniflanadi. Zo`ravonni jazolash nafaqat shu oiladagi muammoga chek qo`yish, balki butun jamiyatni tarbiyalash uchun kerak. Javobgarlik zo`ravonlikni tizginlab turuvchi omillardan biri sanaladi.

Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksda zo`ravonlikka nisbatan, ya`ni tuhmat, haqorat qilish, fuqaroga ma`naviy yoki moddiy zarar etkazishi mumkin bo`lgan ma`lumotlarni oshkor etish, shaxsiy hayot daxlsizligini buzish, voyaga etmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta`minlashdan bo`yin tovlash, ota-onani moddiy ta`minlashdan bo`yin tovlash, engil tan jarohati etkazish hamda mayda bezorilik sodir etganlik uchun eng kam ish haqining bir baravaridan oltmish baravarigacha miqdorda ma`muriy jarimalar solishga va o`n besh sutka muddatga ma`muriy qamoqqa olish jazolari ko`zda tutilgan.

Har qanday zo`ravonlikka javobgarlik jinoyatning o`ziga mutanosib bo`lishi qonunchiligimizda qat`iy belgilangan.

Jinoyat kodeksida ham zo`ravonlikka nisbatan, ya`ni qasddan badanga engil shikast etkazish, qasddan badanga o`rtacha og`ir shikast etkazish, qasddan badanga og`ir shikast etkazish, o`ldirish yoki zo`rlik ishlatish bilan qo`rqitish, qiynash va jabrlanuvchiga doimiy ravishda ruhiy bosim o`tkazib, uni o`zini o`zi o`ldirish darajasiga etkazish uchun eng kam oylik ish haqining yigirma besh baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima, ikki yuz qirq soatdan to`rt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari, bir yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari, bir yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash va bir yildan o`n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Yuqorida Buyuk Britaniya tajribasidan keltirilgan misolda zo`ravonlik oilada sodir etilsa, jinoyatni og`irlashtiruvchi holat sifatida qabul qilinishi namoyon bo`ldi. O`zbekistonda esa oiladagi zo`ravonlik etarlicha baholanmaydi, e`tiborga olinmaydi. Aslida qonun oldida oilaviy rishtalar qandayligidan qat`iy nazar, barcha teng huquqlidir. Ko`chadagi begona insonni haqoratlash yoki unga tan jarohati etkazish qanday javobgarlikka tortilsa, oiladagi shaxsga nisbatan zo`ravonlik ham shunday jazolanadi.

Ayni kunda Adliya vazirligi tomonidan tayyorlanayotgan “Maishiy zo`ravonlikning oldini olish to`g`risida”gi Qonun loyihasida oilaviy-maishiy zo`ravonlikka olib keladigan barcha sabablar hamda uning har qanday ko`rinishlari qamrab olinadi. Endi huquq-tartibot organlari oilaviy zo`ravonlik haqidagi murojaatlarni qabul qilmaslikka haqqi yo`q. Har bir holat uchun ma`muriy yoki jinoiy ish ochiladi, hech bir jabrlanuvchi va gumonlanuvchi e`tibordan chetda qolmaydi.

Har bir inson qonun himoyasida. Huquqini bilgan inson esa bu himoyani yaxshi his etadi va undan vaqtida foydalana oladi. Zo`ravonlikka toqat qilmang. Yo`q deng va chora ko`ring. Zero, inson hayoti, sha`ni, qadr-qimmati har narsadan ustun.

O`zbekiston Respublikasi

Adliya vazirligi

    Boshqa yangiliklar