Respublika oliy ta`lim muassasalariga kirish test sinovlarining birinchi kuni - 1 avgustda o`tkazildi va to`liq yakunlandi. Bu haqda Bosh vazir o`rinbosari Aziz Abduxakimov facebook’dagi sahifasida ma`lum qildi.
Test sinovlarining birinchi kuni respublikadagi 23 ta oliy ta`lim muassasalarida test jarayonlari bir vaqtda 1-smenada 8.00dan boshlanib, 11.30ga qadar va 2-smenada 15:00 dan boshlanib, 18:30 ga qadar to`liq yakunlandi.
Test sinovlari o`tkaziladigan 57 ta binoda yong`in va xavfsizlik choralari ko`rildi, abiturientlar uchun barcha auditoriyalarda ichimlik suvi hamda barcha binolarda tibbiyot xodimlarining navbatchiligi tashkil etildi.
Abiturientlarning ota-onalari uchun salqin joylarda joylar tashkil qilindi va u erda katta hajmli monitorlar yordamida test jarayonlari onlayn ko`rinishda yoritib borildi.
Yozning chillasida ota-onalarga yanada qulaylik yaratish maqsadida ilk bor test sinovlari UzdigitalTV va mahalliy telekanallar orqali hamda test2018.uz Internet saytida onlayn ko`rinishida to`g`ridan-to`g`ri yoritildi.
Ichki ishlar tizimidan 4 963 ta shaxsiy tarkib xodimlari, 1206 ta aloqa vositalari, 694 ta metallodetektorlar, 289 ta transport vositalari test sinovlari jarayoni xavfsiz o`tishiga jalb qilindi.
Test sinovlarini o`tkazishga ta`lim muassasalaridan test sinovlari o`tkazish tartib-qoidalari va texnologiyasi bo`yicha maxsus tayyorgarlikdan o`tgan 2 ming 434 nafar guruh nazoratchilari jalb etildi.
Barcha hududlarda jamoat va yong`in xavfsizligi, test materiallarining maxfiy va dahlsizligi, binolar faoliyat tizimining uzluksiz ishlashi, tibbiy xizmat va inshootlarni qo`riqlash to`liq ta`minlandi.
Test sinovlarida 23 ta oliy ta`lim muassasalarining 154 ta ta`lim yo`nalishida
58 ming 985 nafar abiturient ishtirok etdi, turli sabablarga ko`ra 1393 nafar abiturient test sinovlariga kelmadi.
Test sinovlari tartib qoidalarini buzganligi sababli 255 nafar abiturient, shundan 179 nafari hududga kirish joyida uyali telefon, shpargalkalar olib kirishga uringanligi uchun,
76 nafari bino ichida shpargalkadan foydalanishga uringanligi uchun test sinovlaridan chetlashtirildi.






