Barcha mutasaddi raxbarlar va ma`sullar o`ziga yuklatilgan vazifalarni o`ziga biriktirilgan hududlarda bajarmoqda. Bu haqda Bosh vazir o`rinbosari Aziz Abduxakimov facebook’dagi sahifasida ma`lum qildi.
Test jarayonlarini onlayn kuzatish uchun qo`yilgan kamera va monitorlar ishlamoqda. Test sinovlari UzdigitalTV va mahalliy telekanallar orqali hamda test2018.uz Internet saytida onlayn ko`rinishda to`g`ridan-to`g`ri yoritilmoqda.
Test sinovlari barcha oliy ta`lim muassasalarida bir vaqtda 8:00 dan boshlandi. Test sinovlarida 17 ta oliy ta`lim muassasalarining 31 ta ta`lim yo`nalishida 29 ming 532 nafar abiturient ishtirok etmoqda.
Tezkor ma`lumotlarga ko`ra 595 nafar abiturient turli sabablarga ko`ra test sinovlariga kelmadi.
Test sinovlari tartib qoidalarini buzganligi sababli 23 nafar abiturient hududga kirish joyida uyali telefon, shpargalkalar olib kirishga uringanligi uchun test sinovlaridan chetlashtirildi.
Test sinovlarini o`tkazishga ta`lim muassasalaridan test sinovlari o`tkazish tartib-qoidalari va texnologiyasi bo`yicha maxsus tayyorgarlikdan o`tgan 2 ming 444 nafar guruh nazoratchilari jalb etildi.
Test sinovlari o`tkaziladigan 57 ta binoda yong`in va xavfsizlik choralari ko`rildi.
Abiturientlar uchun test sinovlari o`tkaziladigan barcha auditoriyalarda ichimlik suvi tashkil etilgan.
Har bir test sinovlari o`tadigan binoda tibbiyot xodimlarining navbatchiligi tashkil etilgan.
Ichki ishlar tizimidan 4 963 ta shaxsiy tarkib xodimlari, 1206 ta aloqa vositalari, 694 ta metallodetektorlar, 289 ta transport vositalari test sinovlari jarayoni xavfsiz o`tishiga jalb qilingan.
Barcha test sinovlari o`tadigan binolarda 1-smenada test sinovlari soat 11:00 da yakunlanadi. 2-smena 15.00da boshlanadi.
Shu kunning o`zida test sinovlari natijalari Davlat feld`egerlik xizmati tomonidan maxfiyligi va daxlsizligini ta`minlagan holda Davlat test markaziga qaytariladi.
Test jarayonlariga oid fikrlar, mulohazalar va adolatsizliklar haqida fakt va dalillaringiz bo`lsa, unda darhol Davlat test markazining +99895 1991914 raqamli Ishonch telefoniga murojaat qilishingizni so`raymiz.






