AsosiyJamiyat

O`zbekistonlik talabaning Janubiy Koreya Immigrasiya xizmati tomonidan kaltaklanishi katta shov-shuvga sabab bo`ldi (video)

'O`zbekistonlik talabaning Janubiy Koreya Immigrasiya xizmati tomonidan kaltaklanishi katta shov-shuvga sabab bo`ldi (video)'ning rasmi

O`zbekistonlik talabaning Janubiy Koreya Immigrasiya xizmati tomonidan kaltaklanishi aks etgan videolavha koreys jamiyatida keskin norozilikka sabab bo`ldi. Bu haqida Yonhap va bir qator Janubiy Koreya OAVlari xabar qilmoqda, deb yozadi "Azon.uz".

Hani nashrining xabarida aytilishicha, O`zbekistondan borgan A.ismli magistratura talabasi iyul oyining 16-sanasida Kyongsang viloyatidagi Haman shaharchasida Immigrasiya xizmati xodimlari tomonidan kaltaklanadi. Yaqin atrofdagi videokuzatuv kamerasiga muhrlanib qolgan lavha muhojirlar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan seshanba kuni e`lon qilingach, bu voqea Janubiy Koreya jamiyatining keskin noroziligiga sabab bo`ldi.

Ko`plab o`zbekistonlik talabalar qatori 24 yoshli A. ham yozgi ta`tildan unumli foydalanib zavodga ishlagani boradi. Videolavhada daraxt soyasida dam olib o`tirgan talabaning beshta notanish erkak tomonidan kaltaklanganini ko`rish mumkin. Ma`lum bo`lishicha, talabani kaltaklaganlar Changvon Immigrasiya Xizmati xodimlari bo`lib, ular o`sha kuni Janubiy Koreyada noqonuniy maqomda yurgan muhojirlarga qarshi reyd o`tkazayotgan bo`lgan.

Videolavhaga ko`ra, ikki xodim talabaga yaqinlashib, kutilmaganda unga kuch ishlata boshlaydi. Talabaning «meni urmanglar» deb baqirishiga qaramay, xodimlar uni do`pposlashda davom etishadi.

«Men ularning oldiga yaqinlashdim va qaroqchimisizlar, nega bunday kaltaklayapsizlar, deb e`tiroz bildirdim», deydi voqea guvohlaridan biri.

MBS kanalining xabar berishicha, Immigrasiya binosiga olib kelingan o`zbekistonlik talaba 5 kun tibbiy yordamsiz ushlab turilgan. U ta`lim oladigan Seul universiteti Changvon Immigrasiya xizmati nomiga o`zbekistonlik talabaning ishini qayta ko`rib chiqishni so`rab murojaat yo`llagan. Shundan so`ng unga ruxsatsiz ishlaganlik aybi bilan 500,000 von (3,5 million so`m atrofida) jarima solingan va chiqarib yuborilgan.

Ayni damda yurtdoshimiz Changvon Immigrasiya Xizmati ustidan jinoiy da`vo arizasi kiritishga tayyorgarlik ko`ryapti. Bu haqida xabarni tasdiqlagan mahalliy immigrasiya xizmati rasmiysi «Reyd davomida ortiqcha jismoniy zo`ravonlik qo`llangani tasdiqlandi, biz bo`lib o`tgan voqeadan afsusdamiz», deya ta`kidladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda voqeaga munosabat bildirgan koreys fuqarolari ham Immigrasiya xizmati xodimlari albatta jazoga tortilishi kerak degan talab bilan chiqqan.

Shuningdek, Janubiy Koreyadagi o`zbekistonlik talabalar Feysbuk guruhida Seuldagi O`zbekiston elchixonasi nomiga elchixonaning musofir talabalar bilan ishlashdagi qoniqarsiz faoliyati xususida murojaatnoma e`lon qilingan.


    Boshqa yangiliklar