Hukumat qarori bilan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining bakalavriat va magistraturasiga qabul qilish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar bermoqda.
Nizomga muvofiq, universitet bakalavriatiga o`qishga qabul qilish ikki bosqichda amalga oshiriladi: dastlabki imtihon (yozma) hamda Davlat test markazi tomonidan o`tkaziladigan kirish test sinovlari orqali.
Yozma imtihon har yili universitet qabul komissiyasi tomonidan belgilanadigan muddatlarda tashkil etiladi. Uning qachon o`tkazilishi kamida 10 kun avval universitet rasmiy veb-saytida e`lon qilinadi.
Hujjatlarni qabul qilish, abiturientlar bilan suhbatlashish, dastlabki imtihonni topshirish jarayoni video va audio tizimlar yordamida yozib olinadi.
Yozma imtihon uch savoldan iborat bo`lib, abiturientga ikkinchi bosqichga – kirish test sinovlariga ruxsat berilishi uchun barcha savollar bo`yicha umumiy ball miqdorining kamida 50 foizini to`plashi zarur, ya`ni 50 ball.
Xorijiy tillar bo`yicha etakchi xalqaro va baholash tizimlarining amaldagi sertifikatlarning (IELTS, TOEFL va h.k.) minimal darajasiga ega bo`lgan abiturientlarga maksimal ball beriladi hamda ular ushbu fan bo`yicha kirish imtihonlaridan ozod etiladi.
Shuningdek, Nizomda universitet magistraturasiga qabul qilish tartibi ham belgilangan. Unga ko`ra, magistratura mutaxassisliklari bo`yicha o`qish muddati ishlab chiqarishdan ajralgan holda ta`lim oluvchilar uchun bir yilni, ishlab chiqarishdan ajralmagan holda ta`lim oluvchilar uchun ikki yilni tashkil etadi.