Adliya vazirligi Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim bo`lgan shaxslar – O`zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro`yxati 5-bandiga hamda O`zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish va turgan joyi bo`yicha hisobga olish tartibi to`g`risidagi nizomga kiritiladigan o`zgartirishlar loyihalarini tayyorladi. Tuzatishlar QHTBT portalida joylashtirilgan, deb yozadi Norma.
Bugungi kunda Ro`yxatning 5-bandi bo`yicha poytaxt yoki poytaxt viloyatida doimiy propiskaga ega bo`lish uchun bitta shartga amal qilish kerak: er (xotin)ning biri doimiy propiska qilinish masalasi yuzasidan murojaat qilgan paytda kamida 1 yil birgalikda yashayotgan bo`lishi kerak.
Yuqorida ko`rsatilgan shartni bekor qilish taklif etilmoqda. Ya`ni tuzatishlar tasdiqlangan taqdirda er (xotin), u bilan qancha vaqt birgalikda yashaganidan qat`i nazar, xotini (eri) doimiy propiska qilingan turar joy maydonida doimiy propiska qilinishi mumkin bo`ladi.
2016 yildan buyon yana bir qoida amal qiladi: Toshkent shahrida yoki Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinganidan so`ng bir yil ichida nikoh bekor qilingan taqdirda, er (xotin) bu erda olingan doimiy propiskani yo`qotadi. Ushbu chora faqat propiska olishni ko`zlab soxta nikohdan o`tish hollaridan himoyalanishga xizmat qiladi. Qonun loyihasini ishlab chiquvchilar qoidani o`z kuchida qoldiradilar. Binobarin, hatto taklif etilayotgan tuzatishlar qabul qilinib, kuchga kirsa ham, u u amal qilishda davom etadi.
Bundan tashqari, Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida doimiy propiskaga ega bo`lish uchun zarur hujjatlar ro`yxatiga tuzatish kiritish rejalashtirilmoqda. Xususan, Ro`yxatning 5-bandi bo`yicha doimiy propiska qilinadiganlar quyidagilarni taqdim etishdan ozod qilinishi mumkin:
turar joy uchun hujjatlarning nusxalari;
uy-joy mulkdorining (mulkdorlarining) turar joy maydoni berish to`g`risidagi arizasi (roziligi) yoxud notarial tasdiqlangan arizasi (roziligi), agar shaxsan o`zi berish imkoni mavjud bo`lmasa.
Loyihalar o`zgartirilishi, ularga qo`shimchalar kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.






