Toshkent davlat agrar universiteti bilan Germaniyaning Vayenshtefan-Trizdorf universitetining qo`shma ta`lim dasturi asosida magistraturaga qabul boshlandi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Prezidentimizning 2018 yil 5 iyundagi “Oliy ta`lim muassasalarida ta`lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta`minlash bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qaroriga ko`ra, Toshkent davlat agrar universitetiga 2018/2019-o`quv yili uchun qo`shimcha kvotalar ajratildi.
Ayni paytda universitetda Vayenshtefan-Trizdorf amaliy fanlar universiteti (Germaniya Federativ Respublikasi) bilan tayyorlangan qo`shma ta`lim dasturiga muvofiq, magistratura bo`yicha to`lov-kontrakt asosida qo`shimcha qabul amalga oshirilmoqda. Unga ko`ra, 15 nafar talaba “Agrar menejment” mutaxassisligi bo`yicha o`qishga qabul qilinadi.
Ushbu qo`shma ta`lim dasturi asosida magistrlar tayyorlanadigan mutaxassislik bo`yicha hujjatlar 2018 yilning 10 avgustiga qadar qabul qilinadi. Nomzodlar nemis tilini V2 darajada bilishi kerak.
Qo`shma ta`lim dasturi bo`yicha o`qitish Toshkent davlat agrar universitetida va Vayenshtefan-Trizdorf amaliy fanlar universitetida olib boriladi.






