AsosiyJamiyat

Qismatiga yovvoyilik bitilgan odam bolalari

'Qismatiga yovvoyilik bitilgan odam bolalari'ning rasmi

“Qush uyasida ko`rganini qiladi” degan maqol barchamizga ma`lum. Ammo qushning uyasi bo`lmasa-chi? Yoki boshqa uya va yot sharoitda ulg`aysachi? Hech o`ylab ko`rganmisiz, insonlar parvarishida bo`lgan uy hayvonlari necha yillar o`tsa-da, inson mehriga o`rganadi, ammo muhim insoniy xislatlarni o`zlashtirganligi mavhumligicha qolaveradi.

Voqealar to`qimadek tuyular...

Bugungi kunda “Tarzan” filmini tomosha qilmagan yoxud Tarzan va uning sevgilisi haqidagi multfilm va kompyuter o`yinlarini bilmagan ko`rmagan kishi bo`lmasa kerak?.. Tarzan filmi 1912 yil chikagolik yozuvchi Edgar Rays Berrouz (1875-1950) tomonidan o`ylab topilgan va 1914 yil chop etilgan asar qahramoni. 1934 yil asar AQSh “Metro-Goldwen-Mayer studiyasi tomonidan film sifatida suratga olingan.

826ef36f-e07a-4492-a645-71c3dfe73a5c.jpg

Film byudjeti o`z davrida 1 279 142 mln. dollarni tashkil etgan. Tarzan obrazini aktyor Jonni Vaysmyuller yaratgan. Filmda insonlardan uzoqda, ya`ni o`rmonda hayvonlar orasida yashagan bolaning kechmishlari va ongidagi o`zgarishlari talqin qilinib, bola hayvonlarga xos jihatlarni o`zlashtirgani ular bilan til topisha olgani namoyish etilgan.

Xo`sh, inson bolaligidan hayvonlar orasida ulg`aysa, uning hayvon darajasiga kelib qolishi haqiqatmi?

Hayvonlikdan kecholmas bola...

1980 yil Fransiyaning janubidagi Sen-Serin qishlog`ida o`rmondan g`alati maxluq chiqdi. U tik turib harakatlanganida 11-12 yoshli bola ekani aniqlangan bo`lsa-da, ko`proq hayvonga o`xshash holatlar kuzatilgan.

Bola g`alati chinqiriqqa o`xshash ovoz chiqarardi. Shaxsiy gigiena to`g`risida hech qanday tasavvurga ham ega bo`lmay, qaerda xohlasa, o`sha erda bo`shanib ketaverardi. Yovvoyi bolani mahalliy polisiyaga topshirib, etimxonaga joylashtirishadi.

Dastlabki paytlarda bola u erdan bir necha bor qochishga uringan. Kiyim kiyishni xohlamay, echib uloqtirardi. Berilgan e`lonlar bo`ycha ham hech kim uni izlab kelmagan. Tibbiy tekshiruvlar bolani sog`lom deb topgan. Unga ko`zguni ko`rsatishganida u o`zini tanimagan.

Bir kuni yovvoyi bola ko`zgudan ko`ringan kartoshkani olaman deb rosa uringan (aslida kartoshka uning orqasida edi). Ko`p urinishlardan so`ng axiri qo`lini orqaga uzatib, kartoshkani olishga muvofiq bo`ldi. Buni kuzatib turgan tadqiqotchining aytishicha, bu kabi holatlar bolaning mutlaqo aql va fikr yuritishga qodir emasligini tasdiqlaydi. Bolada sezgi bo`lsa-da, uni o`rinli ishlata olmaydi.

Keyinchalik bola Parijga olib kelinib, “hayvondan odamga aylantirish”ga muntazam harakat qilindi va bunga qisman erishildi. Gigiena qoidalari va kiyim kiyish bo`yicha ko`nikma hosil qilindi. Lekin uni hech bir o`yinchoqni o`ynashga qiziqishi uyg`onmagan. Shuningdek, inson nutqini o`rganishni sira istamasdi. Keyingi hayoti davomida ham bola hech bir natijaga erisha olmadi.

Qamal Jenini aqldan ozdirganmi?

Kaliforniyalik Jeni otasi tomonidan aqliy ojiz degan fikr bilan bir yarim yoshdan o`n uch yoshgacha atrof-muhitdan odamlardan ajratilib qulflangan xonada oyoq-qo`li bog`liq holda yashagan. Shuningdek, beshafqat ota ko`zi ojizlashib borayotgan xotinini ham sira tashqariga chiqarmas, oilaning tashqi dunyo bilan aloqasi, bozor-o`charlar birgina maktabga qatnaydigan o`smir bola orqali amalga oshirilgan.

b8a4a25b-8aac-4100-9674-d521c6a2f560.jpg

Jenining tizza suyagi chiqib-kirib turgani uchun u yurishga o`rgana olmagan. U agar shovqin solsa va baqirsa, kaltaklanar, hatto uni hojatga borishga ham o`rgatishmagandi. Faqat tundagina uning arqondan bo`shatib, uyquga yotqizishgan. Jeni odamlar nutqini butunlay kam eshitgan. Bir kuni onasi Jenini uydan olib qochib ketadi. Jeni tez orada davolanishga yotqizildi. Dastlab u cho`loqlanganga o`xshab harakatlanishni o`rgandi.

Psixologlar qizga tashqi ta`sirlar oqibatida jamiyat va hayotga moslasha olmagan, odamga o`xshash ibtidoiy mavjudot deya tashxis qo`yishgan. Jeni hayotga qisman moslashtirildi, kiyinish, ovqatlanish kabi holatlar o`rgatildi. Qiz deyarli jim yurar va ba`zan kulardi. Ovozi chinqiriqqa o`xshash g`alati chiqardi. Keyinchalik uni kasalxona shifokorlaridan biri qiz qilib oldi va ko`plab so`zlarni o`rgatdi. Shunga qaramay, Jeni so`zlarni va fikrlarini go`yo 2-3 yoshli bola kabi sodda ifodalay olgan, xolos.

Qalb shakllanmasa...

Inson bolasi ulg`ayar ekan, uning hayotida atrof-muhit ta`sirning naqadar muhimligi barchamizga ma`lum. Balki yuqoridagi voqealari to`qimadek tuyular, ammo kattalarning hech qanday ta`sirisiz bola nimaga o`xshab qoladi? Til va ifodalarni o`rganishda shunday bir “chegara” borki, ayni o`sha davrda orttirilgan jihat inson kelajagiga qattiq ta`sir etar ekan.

Ayniqsa bu jarayon ota-onalar ta`sirida tez va shiddatli tus oladi. Insonda avvalo fikr, taqlid va o`zlashtirish kabi oliy qobiliyatlar bor, demak, uni yoshligidan ezgu amallarga mehr va e`tibor bilan yo`naltirish lozim.

bbc_loneliness_experiment_1400x400.jpg

Qalb masalasiga kelganda sal boshqacharoq fikrlashimiz ham mumkin, odam bolasi insonlardan yiroq, hayvonlarga yaqin jamoada ulg`aygan bo`lsa ham, o`ziga xos jihatlari bilan ajralib turadi.

Demak, yana bir tushuncha borki, inson qanday muhit va sharoitda yashamasin, agar unda qalb tuyg`ulari shakllanmasa, hech qachon inson sifatiga qo`shila olmaydi. Bu aynan o`sha — biz sevib tomosha qiladigan Tarzan obrazi orqali ham e`tirof etilgan desak, adashmagan bo`lamiz.

Abdulaziz Rustamov, O`zA

    Boshqa yangiliklar