O`zbekiston Respublikasi IIV Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash bosh boshqarmasi boshlig`i Dilshod Akramov o`z ish joyida jonsiz holda topilgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Unda qayd etilishicha, 4 avgust kuni soat 21:10 atrofida IIV Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash bosh boshqarmasi boshlig`i, podpolkovnik Dilshod Akramovning murdasi Mirobod tumani, Taras Shevchenko ko`chasida joylashgan IIVga qarashli PPX va JTSBB binosining ikkinchi qavatidagi o`z xizmat xonasida qotillik alomatlari bilan topilgan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan JKning 97-moddasi 2-qismi “j” bandi (o`ta shafqatsizlik bilan qasddan odam o`ldirish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o`tamiz, podpolkovnik Dilshod Baxtiyarovich Akramov shu yilning iyul oyi boshida bosh boshqarma boshlig`i lavozimiga tayinlangan edi.






