Avval xabar berilganidek, O`zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari «ArMI—2018» Xalqaro harbiy o`yinlari musobaqasi doirasida 12 yo`nalishlarda qatnashib kelmoqda. Kuni kecha Tiva Respublikasining Kizil shahrida bo`lib o`tgan «Harbiy ralli» musobaqasi yakuniga etdi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.
Xalqaro armiya o`yinlari doirasidagi bellashuvlarning ushbu yo`nalishida o`zbekistonlik harbiylar ham munosib ishtirok etib, turli mamlakatlardan kelgan harbiylar bilan 4 ta — «Yakka tartibdagi poyga», «Ta`qib bilan poyga», «Otish tayyorgarligi» va «Guruh yordamida poyga»turi bo`yicha kuch sinashdi. Mazkur musobaqada jonbozlik ko`rsatgan o`zbekistonlik harbiy xizmatchilar yakuniy natijalarga ko`ra 3-o`ringa munosib deb topildi. Shohsupani Rossiya harbiylari egalladi. Ikkinchi o`rinni xitoylik harbiylar zabt etdi.

Shuningdek, Moskva viloyatining Naginsk shahrida harbiy avtomobil nazorati xodimlari o`rtasida o`tkazilgan «Yo`l patruli» bellashuvi ham nihoyasiga etdi. O`zbekistonlik harbiy xizmatchilar ushbu musobaqada ham 3-o`rinni qo`lga kiritdi. 1-o`rinni Rossiya va 2-o`rinni Xitoy vakillari egalladi.
Eslatib o`tamiz, «ArMI—2018» Xalqaro harbiy o`yinlarida o`zbekistonlik harbiy xizmatchilar bilan birga 30 dan ortiq davlat vakillari jami 27 yo`nalishda ishtirok etmoqda.






