Farg`ona viloyatining Oltiariq tumani, Poloson qishlog`ida yuz bergan voqea yuzasidan Sog`liqni saqlash vazirligi tezkor o`rganish ishlarini olib bordi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati ma`lum qildi.
2018 yilning 3 avgust kuni soat 16:30da Poloson qishlog`i, Mozortagi ko`chasi, 50-uyda istiqomat qiluvchi, 1949 yilda tug`ilgan Mirzajalil Hakimovning behush yotganligi to`g`risida qarindoshlari tomonidan tuman markaziy tez tibbiy yordamiga murojaat kelib tushgan. Chaqiruv markaziy tez tibbiy yordami bo`limi orqali qabul qilinib, soat 16:31da 89-qishloq oilaviy poliklinikasiga uzatilgan. Tez tibbiy yordami xodimlari, ya`ni shoxobchaning navbatchi vrachi Shuhratbek Sirojiddinov va hamshira Umidaxon Husanovalar shu zahoti, soat 16:32da chaqiruvga chiqib ketishgan. Xonadonga tez tibbiy yordami brigadasi soat 16:36, ya`ni 4 daqiqa ichida (O`zbekiston Respublikasi SSVning 2018 yil 19 fevraldagi 105-sonli buyrug`ida tez tibbiy yordami brigadasi chaqiruvga 25 daqiqa ichida etib borishi belgilangan) etib borishgan.
Navbatchi vrach tez tibbiy yordami mashinasidan tushib bemorni ko`rish uchun shoshib kirib ketayotgan paytida bemorning nabirasi shifokorni haqorat qilib, besabab do`pposlagan. Vrach Sh. Sirojiddinov bosh va qulog`i aralash bexosdan tushgan kuchli zarbadan og`ir miya jarohati olishi hisobiga hushidan ketib yiqilgan. Shunday vaziyatda ham o`z xizmat vazifasini unutmagan hamshira Umidaxon Husanova bemorni kirib ko`rganda bemor allaqachon vafot etganligi, hatto bemorning qarindoshlariga xabar berilib ular etib kelishganining shohidi bo`lgan.
Vrach Shuhratbek Sirojiddinov ham birozdan so`ng hushiga kelgach, o`rnidan turib bemorni ko`rgani kirganida 70 yoshga kirgan Mirzojalil Hakimovning bir necha daqiqa avval vafot etganligi, murda allaqachon sovib bo`lganligi va hatto qarindoshlari murdaning iyagini xam bog`lab qo`yganligini ko`rgan. Vrach Shuhratbek Sirojiddinov o`rnidan turayotganda olgan og`ir jarohati hisobiga yana hushidan ketib yiqiladi va tez tibbiy yordami mashinasida Oltiariq tumani tibbiyot birlashmasi shoshilinch tibbiy yordami bo`limiga “Og`ir kalla miya jarohati, bosh miya chayqalishi, chap quloq suprasi atrofi yumshoq to`qimalarining lat eyishi, chap quloq pardasining yirtilishi” tashxisi bilan og`ir ahvolda yotqiziladi. Bemorga viloyat markazidan yuqori malakali, oliy toifali shifokorlar: reanimatolog Natalya Kitaeva, neyroxirurg Baxtiyorjon O`rinov va otorinolaringolog Shuhrat Turg`unboev yuborilib, konsilium o`tkazildi. Konsilium xulosasiga binoan bemorning ahvoli og`ir baholanib, davo muolajalarini davom ettirilishi tavsiya etildi.
Shu o`rinda qayd etish lozimki, shifokorlar tomonidan minglab xonadonlarga borib, beminnat ko`rsatgan xizmatlari uchun xalqning hurmatini qozonib kelgan. Lekin ba`zi bir yuqoridagi kabi malakali shifokorlarning do`pposlanishi va haqoratlanishi tibbiyot xodimlarining himoyasiz ekanligidan dalolat bermoqda. Bunday holatlar oxirgi paytlarda tez-tez uchrayotgani tajribali shifokorlarning birlamchi tizimdan ketib qolishlariga sabab bo`lmoqda. Shu bois har bir tibbiyot xodimining haq-huquqlarini himoya qilish, munosib rag`batlantirishni kuchaytirish borasida huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va joriy etish yuzasidan izchil sa`y-harakatlar olib borilmoqda.
Shuningdek, sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan mazkur holat yuzasidan qonuniy chora ko`rish uchun Farg`ona viloyat huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilindi.






