AsosiyJamiyat

Surxondaryoda ichki ishlar tizimidagi bir qator rahbarlar ishdan olindi

'Surxondaryoda ichki ishlar tizimidagi bir qator rahbarlar ishdan olindi'ning rasmi

Ichki ishlar vaziri, general-mayor Po`lat Bobojonov rahbarligida tekshiruv guruhi ayni paytda Surxondaryo viloyatida o`rganish ishlarini olib bormoqda, deb xabar berdi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi.

2 avgust kuni Surxondaryo viloyat ichki ishlar boshqarmasida Ichki ishlar vaziri P.Bobojonov boshchiligida o`rganishlarning yakuniga bag`ishlangan kengaytirilgan yig`ilish bo`lib o`tdi.

Unda qayd etilishicha, viloyatning Termiz va Sherobod tumanlarida aynan iyun oyining o`zida jinoyat qidiruv yo`nalishi bo`yicha sodir etilgan jinoyatlar soni keskin oshgani, Termiz tumanida joriy yilning olti oyida sodir etilgan jinoyatlarning 18 tasi yoki 44 foizi iyun oyida qayd etilgani tanqid ostiga olindi. Joriy yilning olti oyi mobaynida 717 ta mahallaning 308 tasida yoki 43 foizida jinoyat sodir etilgan.

Majlisda ayrim ichki ishlar organlari xodimlari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, tizimda bo`layotgan o`zgarishlar, xizmat faoliyatiga aloqador me`yoriy hujjatlarning tub mazmun-mohiyatini anglamay, eskicha uslub va dunyoqarash bilan xizmat olib borayotganligi qayd etilib, qator rahbar va xodimlarga nisbatan intizomiy ta`sir choralari ko`rildi.

Sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyatini to`laqonli anglab etmasdan bugungi kun talablariga javob bermagani, fuqarolarning manfaati yo`lida jonbozlik ko`rsatmagani uchun bir qator xodimlarga nisbatan intizomiy jazolash choralari ko`rildi.

Jumladan, xizmat vazifasiga loqaydlik va sustkashlik bilan munosabatda bo`lib, xizmatni samarali tashkil etish choralarini ko`rmaganligi, qo`l ostidagi xodimlar faoliyatini talab darajasida nazorat qilmagani oqibatida shaxsiy tarkib o`rtasida tartib-intizom susayib ketishiga sababchi bo`lganligi uchun viloyat IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig`i I.Xalilov, Termiz shahar IIB boshlig`i J.Hasanov, Sherobod tuman IIB boshlig`i D.Kenjaev, Termiz shahar IIB boshlig`ining yoshlar masalalari bo`yicha o`rinbosari A.Akramov, Sherobod tuman IIB boshlig`ining yoshlar masalalari bo`yicha o`rinbosari H.Xamitov, Boysun tuman IIB boshlig`ining birinchi o`rinbosari B.Xushbakov, Uzun tuman IIB boshlig`ining kadrlar bo`yicha o`rinbosari S.Xamiraev, Termiz tuman IIB boshlig`ining kadrlar bo`yicha o`rinbosari Sh.Mo`minovlar egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Shuningdek, Jarqo`rg`on tuman IIB boshlig`ining birinchi o`rinbosari S.Valiev, Termiz tuman IIB boshlig`ining xizmat bo`yicha o`rinbosari B.Aminqulov, Jarqo`rg`on tuman IIB huzuridagi Tergov bo`linmasi boshlig`i I.Ibragimov, Angor tuman IIB huzuridagi Tergov bo`linmasi boshlig`i I.Xushbaqov, Muzrabot tuman IIB huzuridagi Tergov bo`linmasi boshlig`i A.Ahmedovlarga «hayfsan» intizomiy jazosi berildi.

    Boshqa yangiliklar