Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatining Yangiyo`l tumanida joylashgan 13-umumiy o`rta ta`lim maktabi o`qituvchilari maktab ma`muriyati tomonidan maktab hududida majburiy mehnatga jalb etilganligi haqida fotolavhalar joylashtirilgan.
Adliya vazirligining Inson huquqlarini himoya qilish boshqarmasi tomonidan mazkur holatga aniqlik kiritish uchun joyiga chiqib o`rganish o`tkazilganda, o`qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilish holatlari o`z tasdig`ini topgan, deb ma`lum qildi vazirlik matbuot xizmati.
Aniqlanishicha, joriy yilning 1 avgust kuni maktab hududini obodonlashtirish ishlariga 15 nafar pedagog-xodimlar jalb etilgan.
Yangiyo`l tuman adliya bo`limi xodimlari tomonidan joriy yilning
4 avgust kuni 13-umumiy o`rta ta`lim maktabida yig`ilish o`tkazilib, unda barcha pedagog-xodimlarga Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 maydagi 349-son “O`zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarorida belgilangan majburiy mehnatni oldini olish va unga to`liq barham berish va uning asoslari haqida tushuntirishlar berib o`tildi.
Bundan tashqari, 2018 yil 6 avgust kuni Yangiyo`l tuman Xalq ta`limi bo`limiga maktab ma`muriyatiga nisbatan intizomiy choralar ko`rish haqida taqdimnoma kiritildi.






