Qoraqalpog`iston Respublikasi Kegeyli tumanida Qilqali ovuli bor. Ushbu ovul aholisi qishloqda shoqol ko`payib ketganligidan shikoyat qilmoqda. Yovvoyi hayvonlar aholini tovuqlarni eb ketmoqda, oxirgi paytlarda qo`zi-uloqlarga hujum qila boshladi, deb yozmoqda O`zA.
– Shoqollar kunduzi ham uyimizning oldigacha keladigan bo`ldi, – deydi qishloq vakillaridan biri Shamshetdin Bekanov. – Qishloqdagi 3-4 xonadonning uloqlarini tortib ketdi. Endi echkilarga ham hamla qila boshladi. Bolalarimizni uydan chiqarishga xavotir qila boshladik.
Aniqlanishicha, shoqollarning ko`payishi keyingi yillarda sezilarli oshgan. Qishloq aholisining ta`kidlashicha, o`tgan yili hokimlikdan kelgan vakillarga ushbu muammo etkazilgan va ular buni bartaraf qilish bo`yicha va`da bergan. Lekin hanuzgacha chora ko`rilmagan.
– Yirtqich boqayotgan tovuqlarimni eb bitirdi, – deydi aholi vakillaridan biri Ayapbergen Erimbetov. – Yaqinda qo`raga kirib bir uloqni qontalash qilgan, yana bittasini o`zi bilan olib ketgan. Bunga tegishli, mas`ul idoralar darhol chora ko`rishmasa, qishloq aholisi xotirjam yashay olmaydi. Avvalgi yillarda qishloqdan tashqarida o`laksalarga zahar tashlanib, ko`payib ketgan shoqol, tulki va boshqa yirtqich hayvonlarning bosh soni kamaytirilar edi. Keyingi paytlarda bu tadbir qo`llanilmay qo`ydi.
Veterinariya xizmati vakillari bu kabi tadbirni amalga oshirish mumkin ekanligini ta`kidlaydi. Ya`ni, buning uchun tuman hokimligi rasmiy talabnoma bilan chiqishi kerak. So`ng tegishli korxonadan zarur ashyolar olinib, maxsus zaharli dori tayyorlanadi va tegishli hududlarga joylashtiriladi.
Shoqol – quturish kasalligining qo`zg`atuvchisini tarqatuvchi hayvon sanaladi. Agar u uy hayvonlarini tishlasa, unga darhol chora ko`rilishi kerak.
Shunday holat yaqinda Qorao`zak tumanida ham sodir bo`lgan. Ya`ni, shoqol bitta qora molni tishlagan. Qora molni so`yib, tekshirib ko`rilganda quturish kasalligini yuqtirganligi alomatlari qayd qilingan.
Davlat bionazorat inspeksiyasi mutasaddi vakillari ham agar tuman hokimligi tomonidan ushbu muammoni bartaraf qilish so`ralsa, belgilangan tartibda Ovchilar jamiyati xodimlari safarbarligida haddan ziyod ko`paygan xavf soluvchi hayvonlar bosh sonini kamaytirish mumkin ekanligini bildirishdi.
Jurnalistik surishtiruv davomida qishloqda yuzaga kelgan muammo bo`yicha tuman hokimligiga xabar qilinmaganligi ma`lum bo`ldi. Demak, qishloqdagi muammoni echsa bo`ladi. Buning uchun qishloq aholisining tashabbusi va ovul fuqarolar yig`ini raisining faolligi zarur bo`ladi.






