AsosiyJamiyat

Endi ta`lim kreditlari beriladi(mi?)

'Endi ta`lim kreditlari beriladi(mi?)'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 26 iyuldagi “Oliy o`quv yurtlarida to`lov-kontrakt asosida o`qish uchun ta`lim kreditlari berish to`g`risida”gi qaroriga muvofiq, shartnoma pulini to`lashi uchun talabalarga banklar tomonidan kredit ajratilishi mumkin.

– Mazkur ta`lim kreditlari oliy ta`lim muassasalarida o`qish davri hisobga olingan holda, bakalavriatga o`qishga qabul qilingan talabalarga 10 yilgacha, magistraturaga o`qishga qabul qilingan talabalarga 5 yilgacha bo`lgan muddatga beriladi, – deydi Markaziy bankning Samarqand viloyati bosh boshqarmasi kredit bo`limi boshlig`i J.Bahriev. – Tijorat banklari tomonidan ajratiladigan ta`lim krediti chin etimlarga, Mehribonlik uylarida tarbiyalanganlarga hamda bolalikdan I va II guruh nogironlariga foizsiz, boshqa toifadagi talabalarga O`zbekiston Respublikasi Markaziy bankining amaldagi qayta moliyalash stavkasidan yuqori bo`lmagan o`zgaruvchi foiz stavkasi asosida beriladi.

Olingan kredit qaytarilmasligi xavfining oldini olish maqsadida qarz oluvchi mol-mulk yoki qimmatli qog`ozlarni garovga qo`yishi yoxud bankning kafolatini, uchinchi shaxsning kafilligini, sug`urta kompaniyasining qarz oluvchi kreditni qaytara olmasligi xavfi sug`urta qilingani to`g`risidagi sug`urta polisini taqdim etishi lozim.

Chin etimlar va Mehribonlik uylarida tarbiyalanganlar, bolalikdan I va II guruh nogironlari va kam ta`minlangan oilalardan bo`lganlar uchun fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari kafilligi taqdim etiladi.

Talabalar, ularning ota-onalari yoki vasiylariga ta`lim krediti olishda qulaylik yaratish maqsadida viloyatdagi banklarning hududiy filiallari mahalla fuqarolar yig`inlariga biriktirildi. Aholi bu haqda ma`lumotga ega bo`lishi uchun o`zi yashab turgan mahalla fuqarolar yig`ini yoki o`qishga qabul qilingan oliy ta`lim muassasasiga ham murojaat qilishi mumkin.

    Boshqa yangiliklar