Ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuniga qo`shimchalar va o`zgartish kiritish haqida”gi qonun loyihasi muhokama qilinmoqda, deb yozmoqda O`zA.
Xo`sh, mazkur qonunga o`zgartish va qo`shimchalar kiritishga nima zarurat bo`ldi?
Bu haqida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Oybek Egamov quyidagilarni gapirib berdi:
– Hududlarda aholi bilan o`tkazgan uchrashuvlarimizda, ochiq muloqotlarda fuqarolar tomonidan turli sohalarga tegishli muammo va kamchiliklar ko`tarilmoqda. Jumladan, pensionerlar tomonidan ob`ektiv va sub`ektiv sabablarga ko`ra, pensiya jamg`armasi tomonidan ortiqcha to`lov holatlari aniqlangan taqdirda, ushbu summalarni to`lanayotgan pensiya miqdoridan ushlab qolish to`g`risida qarorlar asosida ma`lum miqdordagi mablag`lar sabablarini chuqur o`rganmasdan chegirib qolinayotganidan e`tiroz bildirilib kelinayotgan edi. Ba`zi holatlarda Pensiya jamg`armasining qarorlaridan norozi bo`lgan pensionerlar, ya`ni ular tomonidan ayb yo`qligi yoki qasddan pensiyani oshirishga harakatlar amalga oshirilmagani sababli yuqori turuvchi organlarga, shuningdek, sudlarga murojaat qilmoqdalar. Natijada fuqarolarning noroziligi va sud organlari tomonidan ko`rib chiqilayotgan da`vo arizalari soni ortib bormoqda.
Yuqoridagilarni e`tiborga olib, amaldagi qonunning 65-moddasi ikkinchi qismi yangi mazmun bilan to`ldirilmoqda. Unga ko`ra, pensioner byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasi tuman (shahar) bo`limining pensiyadan ortiqcha to`langan summalarni undirish to`g`risidagi qaroridan norozi bo`lganda, aniqlangan qarzdorlik sud tartibida, biroq u aniqlangan sanadan uch yildan oshmagan davr uchun undiriladi.
Bu boradagi xalqaro amaliyot o`rganilganda deyarli barcha MDH mamlakatlarida umumiy da`vo muddati uch yil etib belgilangani ma`lum bo`ldi.
Shuningdek, Prezidentimizning 2017 yil 1 dekabrdagi “Nogironligi bo`lgan shaxslarni davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi hamda 2017 yil 28 dekabrdagi “Mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi ayrim alohida toifadagi pensionerlarga maqbul sharoitlar yaratish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Farmonlari asosida ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasida yana bir muhim yangilik ko`zda tutilgan.
Ya`ni, ushbu qonun loyihasida Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan ro`yxatlarga muvofiq, alohida toifadagi I va II guruh nogironligi bo`lgan shaxslarga – erkaklarga ish staji kamida 25 yil bo`lgan taqdirda, ayollarga ish staji kamida 20 yil bo`lgan taqdirda umumiy belgilangan pensiya yoshini 5 yilga qisqartirgan holda imtiyozli shartlarda yoshga doir pensiya tayinlash nazarda tutilmoqda. Amaldagi qonunchilikka muvofiq, masalan, I va II guruh nogironligi bo`lgan erkaklar 60 yoshdan pensiyaga chiqish kerak bo`lgan bo`lsa, mazkur qonun loyihasiga binoan, ular 25 yillik stajga ega bo`lsa, 55 yoshida chiqishiga ruxsat etilishi nazarda tutilmoqda. Ushbu hujjat qabul qilingan taqdirda, 143 mingdan ziyod I va II guruh nogironligi bo`lgan fuqaro ana shu imtiyozli ravishda pensiya olish huquqiga ega bo`lishi kutilmoqda.






