Ichki ishlar vazirligi yo`l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi matbuot xizmatining ma`lum qilishicha, o`tgan haftada avtomobil yo`llarida jami 180 yo`l-transport hodisasi sodir etilgan. Natijada ushbu hodisalarda 27 nafar fuqaro halok bo`lgan, 177 nafar fuqaro turli darajadagi tan jarohatlari olgan.
Hafta davomida yo`l-patrul xizmati inspektorlari tomonidan jami 84 ming 977 qoidabuzarliklar aniqlangan. Ularning 40 ming 701 tasini qo`pol qoidabuzarliklar tashkil etadi. Jumladan, 1 ming 568 nafar haydovchi transport vositasini mast holda boshqargan, 11 ming 944 nafar haydovchi belgilangan tezlik talablarini buzgan, 1 ming 161 nafar haydovchi svetofor va chorrahalardan o`tish qoidasiga amal qilmagan. Shuningdek, 12 ming 402 nafar haydovchi odam tashish qoidasini buzgani, 360 nafar haydovchi temir yo`l kesishmalaridan o`tishda qoidaga rioya qilmagani uchun to`xtatildi va ularga nisbatan ma`muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.
Bundan tashqari transport vositasining oynalarini me`yoridan ortiqcha qoraytirgan 668, harakat vaqtida telefondan foydalangan 870 va xavfsizlik kamarlarini taqmasdan harakatlangan 14 ming 946 nafar haydovchiga nisbatan ham tegishli choralar ko`rildi.






