AsosiyJamiyat

O`qituvchilarning oyligi oshirildi, ularga avtokreditlar beriladi

'O`qituvchilarning oyligi oshirildi, ularga avtokreditlar beriladi'ning rasmi

«Yoshlarni ma`naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta`lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko`tarish chora-tadbirlari to`g`risida»gi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanalida xabar berildi.

Qarorga muvofiq Yoshlarni a`naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta`lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko`tarish bo`yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Umumiy o`rta ta`lim muassasalari xodimlarining bazaviy tarif stavkalari 2018 yil 1 sentyabrdan boshlang`ich sinf o`qituvchilari uchun 1,1 baravarga, yuqori sinf o`qituvchilari uchun o`rtacha 1,24 baravargacha, direktor, uning o`rinbosarlari va axborot-resurs markazi (kutubxona) mudirlari va kutubxonachilari uchun 1,1 barvarga oshirildi.

2019 yil 1 yanvardan oliy toifali o`qituvchilar uchun 1,25 baravarga, birinchi toifali o`qituvchilar uchun 1,2 baravarga, ikkinchi toifali o`qituvchilar uchun 1,15 baravarga, mutaxassis o`qituvchilar uchun 1,1 baravarga, direktor, uning o`rinbosarlari, axborot-resurs markazi (kutubxona) mudirlari va kutubxonachilari uchun 1,1 baravarga oshirildi.

Ustamalar, sinf rahbarligi va daftar tekshirganlik uchun to`lanadigan to`lovlarni hisobga olgan boshlang`ich sinf o`qituvchilarining bazaviy tarif stavkalari toifalar bo`yicha o`rtacha hisobda 24 foizdan 39 foizgacha, yuqori sinf fan o`qituvchilarining bazaviy tarif stavkasi 37 foizdan 49 foizgacha, maktab direktori va ularning o`rinbosarlariniki o`rtacha 27 foizga, axborot-resurs markazi (kutubxona) mudirlari va kutubxonachilariki o`rtacha 26 foizga oshirildi.

Umumiy o`rta va o`rta maxsus ta`lim muassasalarida o`quvchilar sonidan kelib chiqib, 2018 yil 1 sentyabrdan boshlab psixolog shtat birliklari maktabdagi o`quvchilar soni 250 nafargacha bo`lganda 1 shtat birligi, 250 nafardan 800 nafargacha 1,5 shtat birligi, 800 nafardan 1600 nafargacha 2 shtat birligi, 1600 nafardan 3000 nafargacha 2,5 shtat birligi, 3000 nafardan ortiq bo`lsa 3 shtat birligi etib belgilandi.

Shuningdek, maktab psixologlarining bazaviy tarif stavkalari 2018 yil 1 sentyabrdan mutaxassis o`qituvchilar bazaviy tarif stavkalarining 90 foiziga tenglashtirildi hamda 2019 yil 1 yanvardan 1,1 baravarga oshirildi. Natijada maktab psixologlarining bazaviy tarif stavkalari 96 foizga oshdi.

Qarorda hududiy, respublika va xalqaro fan olimpiadalarida sovrinli o`rinlarni qo`lga kiritgan o`quvchilarni tayyorlagan pedagog kadrlarga eng kam ish haqining 5 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda bir martalik pul mukofoti berish tartibini ishlab chiqish ko`zda tutilgan.

Shuningdek, qarorda har yili qishloq va shaharlarda arzon uy-joylar qurish dasturlari asosida qurilayotgan uy-joylarning bir qismini xalq ta`limi tizimidagi pedagog xodimlarga 25 yil muddatga imtiyozli ipoteka krediti sifatida berish, «Har bir oila – tadbirkor» dasturi asosida pedagog xodimlarning oila a`zolariga imtiyozli kreditlar berish, avtotransport vositasi sotib olish va boshqa maqsadlar uchun kreditlar berish belgilandi.

Qarorda 2018-2020 yillarda pedagoglik kasbining yuksak ijtimoiy mavqei va obro`sini targ`ib qiluvchi «O`qituvchi va murabbiylar xiyobonlari»ni tashkil etilishi belgilandi.

Qarorning yana bir o`ziga xos jihati 2018/2019 o`quv yilidan boshlab umumta`lim maktablari, shu jumladan ixtisoslashtirilgan maktablar, san`at va madaniyat maktab-internatlari, olimpiya zaxiralari maktab-internatlari hamda akademik liseylar bitiruvchilariga oltin va kumush medallarni berish tartibi joriy qilindi.

Tegishli vazirlik va idoralarga umumiy o`rta, o`rta maxsus, kasb-hunar, oliy ta`lim, maktabdan tashqari ta`lim sohasiga davlat-xususiy sheriklikni joriy etish, jahondagi oliy ta`lim muassasalarining reytingida 1000 talik ro`yxatga kiradigan xorijiy oliy ta`lim muassasalarining filiallarini yoki fakultetlarini O`zbekiston Respublikasida lisenziya olmasdan va boshqa imtiyozli shartlarda tashkil etish masalasini o`rganib chiqib, ilg`or xalqaro tajribalar asosida taklif kiritish topshirig`i berildi.

    Boshqa yangiliklar