1

Internetda tarqalgan video jinoyatni oshkor etdi, 3 nafar bezori qo`lga olindi

Jinoyat 15.08.2018, 15:58
Internetda tarqalgan video jinoyatni oshkor etdi, 3 nafar bezori qo`lga olindi

Toshkentda «Spark» va «Jiguli» avtomobillaridagi bir guruh shaxslar o`rtasida sodir bo`lgan bezorilik aks video tarqalgani va IIBB ushbu yuzasidan tekshiruv olib borayotgani haqida xabar bergan edik.

Toshkent shahar IIBBning ma`lum qilishicha, 11 avgust kuni Toshkentning Uchtepa tumanida bir guruh shaxslar VAZ-2105 mashinasida kelib, «Spark» haydovchisini kuch bilan mashinadan chiqarib, Sergeli tumaniga olib ketgan va kaltaklashgan. Ichki ishlar bosh boshqarmasi tekshiruv o`tkazib, O`zbekiston Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) bo`yicha jinoiy ish ochdi.

Voqeaning to`liq tafsilotlarini o`rganish jarayonida barcha daliliy ashyolar to`planib, ushbu jinoiy ish ishtirokchilarining ko`rsatmalari olindi va ularning har biriga albatta tegishli baho beriladi.

Hozirga qadar voqeaning uch nafar jabrlanuvchisi va yana uch nafar gumonlanuvchisi ko`rsatma bergan. Yana ikki gumondor, jumladan hodisa tashkilotchisi deb aytilayotgan 27 yoshli J.Shohruxni qo`lga olish harakatlari olib borilmoqda.

Aniqlanishicha, jabrlanuvchi — 23 yoshli A.Botirjon tanishi Shohruxdan pul qarz olib, oxirgi 500 ming so`mni qaytarolmagan. Gumonlanuvchi J.Shohrux 24 yoshli G.Ziyovuddin, 31 yoshli M.Muzaffar, N.Bekzod va 33 yoshli I.Abdug`ani bilan «VAZ-2105» (Muzaffar boshqaruvida) va Abdug`ani boshqargan «Nexia 3» avtomobilida «Vatan» kinoteatri yonida «Spark» mashinasini boshqarib ketayotgan 34 yoshli M.Jasurning yo`lini to`sib, uni to`xtatishgan.

Qo`lga olinganlarning ko`rsatma berishicha, Ziyovuddin «Spark» mashinasining shinasiga ziyon etkazgan, Muzaffar esa oynasini sindirgan.

Shundan so`ng, huquqbuzarlar jabrlanuvchilarni kuch bilan o`zlarining mashinalariga o`tqizib, Sergeli tumaniga olib ketishgan va o`sha erda ularga tan jarohati etkazishgan. Jarohat darajasiga shifokorlar aniqlik kiritishmoqda.

Shundan keyin G.Ziyovuddin va N.Bekzod jabrlanuvchilarni shifoxonaga olib borib, haqiqatni aytib qo`ymasligi uchun kuzatib turishgan.

Qo`rquv ostida qolgan jabrlanuvchilar shifokorlarga bo`lib o`tgan voqea haqida aytishmagan va ichki ishlarga ham xabar berishmagan. Lekin holat tasvirlangan videolavha Internet tarmog`ida tarqatilgandan so`ng, sir oshkor bo`lgan.

Toshkent shahar IIBB mazkur tasvir asosida tezkor tergov harakatlarini olib borib, shu kuni kechki payt gumondorlarning shaxsiga aniqlik kiritilgan va qisqa fursatda ulardan 3 nafari qo`lga olingan.

"Alohida qayd etib o`tish kerakki, hamshaharlarimiz yon-atrofda bo`layotgan voqea-hodisalarga e`tiborsiz bo`lmay, «102»ga xabar berayotgani yoki video va fotolavhalarni yuborayotgani katta yordam bo`lmoqda. Oramizda o`zining ona shahri va odamlar taqdiriga befarq bo`lmagan insonlar ko`pligidan xursandmiz", - deyiladi xabarda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1