1

​Maxluq qiyofasiga kirgan "ota" to`rt insonni vahshiylarcha o`ldirdi

Jinoyat 16.08.2018, 11:20
​Maxluq qiyofasiga kirgan "ota" to`rt insonni vahshiylarcha o`ldirdi

Joriy yilning yanvar oyi boshida Andijon viloyatining Xo`jaobod tumanidagi “Xidirsha” mahalla fuqarolar yig`inida umrining hali o`ttiz bahorini ham qarshilamagan Azizbek Abduqayumov tomonidan vaxshiylarcha sodir etilgan jinoyat “o`rgimchak to`ri” va ijtimoiy tarmoqlarda yashin tezligidek tarqalib, barchaning qalbini larzaga solgan edi.

Gap shundaki, Buloqboshi tumanilik Azizbek 2017 yilning 30 dekabr kuni xo`jaobodlik ikki ayol, etti yoshli qizcha va olti oylik chaqaloqni o`ldirib, yoqib yuboradi. Shu yilning 16-may kuni esa jinoyat ishlari bo`yicha Andijon viloyati sudi binosi ochiq sud majlisida mudhish voqea sababchisiga nisbatan hukm o`qildi.

“AYTAYoTGAN SO`ZLARI VA HATTI-HARAKATI JAHLIMNI ChIQARDI”

Azizbek ABDUQAYuMOV, sudlanuvchi:

- Aslida oilali bo`lib, ikki nafar farzandning otasi edim. “Damas” avtomashinasida kirakashlik qilardim. 2016 yil iyul oyida Xo`jaobod tumani “Xidirsha” mahallasida yashovchi turmushidan ajragan, bir nafar qizi bo`lgan Feruza ismli ayol bilan tanishib, shar`iy nikoh asosida turmush qurdik. Undan tez-tez xabar olib turardim. Oradan roppa-rosa bir yil o`tib, o`g`il farzandli bo`ldik va chaqaloqqa Muhammadali, deya ism qo`ydik. Feruza ikkimizning negadir munosabatlarimiz sekin-asta sovuqlashib bordi. Arzimagan narsa uchun ham “sen-men”ga borib, janjallashadigan odat chiqardik.

Feruza 2017 yil yakunlanib, Yangi yil bayramiga sanoqli daqiqalar qolganida, ya`ni 30 dekabr kuni tushlikdan keyin soat 12:00 larda qo`ng`iroq qilib, “Mendan xabar olmayapsan, javobimni ber, sen bilan qaytib yashashni xohlamayapman”, dedi. Uning bu so`zlarini eshitib, oradan ikki soat o`tgach, uyiga bordim. Undan singlisi va bolalar nima qilishayotganini so`radim. Singlisi Nargizani yuvinayotgani, Gulchiroy uy ichida o`ynayotgani, Muhammadali esa beshikda uxlayotganini ta`kidlab, so`ng qat`iy ovozda “Javobimni ber”, dedi. Uning tinmay gapirayotganiga nuqta qo`yish maqsadida “taloq” qildim. O`g`lim Muhammadalini ko`rgani xona tomon otlangan paytim u “Endi eshitib qo`y, beshikdagi bola sendan emas. Uyga kirma, bunga haqqing yo`q. Xonadoninga borib, yaqinlaringga bor gapni ro`yi-rost aytaman. Seni ermak uchun olib yurgandim. Senga o`xshaganlarni hali ko`pini o`ynataman”, dedi.

Men esa unga bu gaplarni hazil tariqasida aytayotganini ta`kidlashini so`radim. U esa jiddiy ohangda “Hazillashganim yo`q. Qo`lingdan kelsa, so`yib yubor”, deya yoqamdan oldi. Feruzaning og`zidan chiqayotgan so`zlari va hatti-harakati kuchli jahlimni chiqardi. Shu payt zinada turgan xo`jalik pichog`ini olib, uning tomog`iga tiradim va barcha aytgan gaplari chinligini so`radim. U esa hammasi rostligini, so`yib yubora olmasliginimni va bu ish qo`limdan kelmasligini ta`kidladi. O`sha zahoti qo`limdagi pichoqni Feruzaning bo`yniga tortib yubordim va u erga kuchli zarba bilan yiqildi. Uni o`ldi, deb o`ylab, ko`chaga chiqish uchun darvoza tomon yurayotganimda singlisi “Yordam beringlar”, deya baqirdi va qo`shnilarni chaqira boshladi. Qilgan ishim fosh bo`lib qolishidan qo`rqib, Nargizaning ham bo`yniga pichoq tortvordim. Hali joni uzilmagan, ammo qonga belangan Feruza o`rnidan turib, ko`cha tarafga yugurayotganida uni to`xtatib, yana bir necha joyiga pichoq sanchdim. Opa-singillarning jasadini bir xonaga qo`yayotgan paytim ichkari uydan etti yoshli Gulchiroy chiqib qoldi. U baqirib, yig`lab yubordi. Uni “Qizim, qo`rqma”, deya yupatishga urindim va jasadlar yoniga yotqizib, uni ham o`ldirdim. Keyin uchalasining ustiga adyol yopib qo`dim. Shu xonada beshikda uxlab yotgan Muhammadali uyg`onib ketib, ovozining boricha chinqirab yig`ladi. Avvaliga beshikni tebratib, uni uxlatishga harakat qildim. Lekin chaqaloq yig`idan to`xtamadi. Hayolimga Feruzaning “Bola sendan emas”, degan fikrlari quyilib keldi va go`dakning ham hayotiga “nuqta” qo`ydim.

Qilgan ishlarimni bildirmaslik maqsadida kiyimlarimni tozalab yuvdim, o`zim ham tezda cho`milib, er va devordagi qon izlarini tozaladim. Ust-boshimni dazmollab, quritib bo`lgach, kiydimda, so`ng paket ichidan Muhammadalidan boshqa qolgan barchasining pasport va tug`ilganlik haqidagi guvohnomasi hamda yana bir qancha hujjatlarni olib, ularni murdalar ustiga tashladim. Shkaf ichidan esa qimmatbaho telefon apparati, tilla buyum va taqinchoqlarni oldim. Jasadlar ustiga pechkaga ulangan shlangni, so`ngra sigaret qoldig`ini tashlab, eshikni yopib hovliga oshiqdim. Ko`chaga esa darvozadan emas, devor oshib chiqib ketdim.

DENGIZ KO`RISh ORZUSI

Savdo do`konidan ro`zg`or uchun xarid qilgan noz-ne`matlarni olib, uyiga yuvosh mushukdek qaytgan Azizbek og`ilxonadagi mollariga em-hashak berib, rafiqasiga bir nechta tanish-bilishlaridagi nasiyalarini to`lab kelishini aytib, uyidan chiqib ketadi. Negadir o`sha daqiqalarda uning qalbida moviy dengizni tomosha qilish istagi tug`iladi. Tanishi O.Abdievaning oldiga borib, uning singlisi ishlayotgan joyda dengiz bor yoki yo`qligini so`raydi. O.Abdieva esa jon-jigari Rossiya Federasiyasida ishlashi, ammo u mehnat qilayotgan makon atrofida dengiz yo`qligini ta`kidlaydi. Bu javobdan qoniqmagan Azizbek yo`nalish taksilar orqali Toshkentga, undan keyin esa Surxondaryo viloyatining Denov tumaniga daryoni tomosha qilish sari yo`l oladi. Yo`l-yo`lakay hamrohlaridan Surxondaryodagi daryo qattiq kuzatuv ostida bo`lishini eshitib, daryoni ko`rish fikridan qaytadi va Denov tumanidagi tilla buyumlar bozorida Feruzaning uyidan o`g`irlagan uzuk, sirg`a, zanjirning ayrimlarini sotadi. Vohadan poytaxtga qaytib kelganidan keyin haydovchilardan qaerda dengiz borligini so`raydi. “Dengiz Qozog`istonda bor”, deya javob bergan haydovchi uni “Chernyaevka” chegara postiga olib boradi. O`sha kuni Qozog`iston Respublikasiga o`tib, ikki kundan keyin Aktau shahriga poezd orqali etib oladi. Aktauga borgach, Istanbul shahriga xarid qilgan chiptasini avia kassaga qaytaradi. Shu kuni Toshkent shahriga uchadigan samolyot reysi yo`qligi uchun Chimkent shahriga boradi. Dengizni ko`rish orzusiga aylangan Azizbek Kaspiy dengizi qirg`og`iga borib, kengliklarni, suv to`lqinlarini qisqa fursat tomosha qiladi. Niyatlaridan biri amalga oshganidan so`ng uning vijdoni qiynaldimi yoki qilgan qotilliklarini o`ylab pushaymon edimi, xullas aeroportga qaytib, ichki ishlar xodimlariga uchrab, qilmishlarini birma-bir hikoya qilib berdi. U darhol O`zbekiston huquq tartibot idoralari vakillariga topshirildi.

“ShAR`IY NIKOH ASOSIDA YaShAShGANIDAN XABARIM BO`LMAGAN”

Qudratbek QALANDAROV, guvoh:

- Haqiqatdan marhuma Feruza Amanova opam, Nargiza Qalandarova singlim, Gulchiroy Ikromjonova va Muhammadali Ikromjonvlar jiyanlarim edi. Ota-onam 2005 yili ajrashib ketishganidan so`ng, opam va singlim onam bilan, men esa dadam bilan birga yashab kelayotgandik. Feruza opam bilan munosabatlarimiz iliq emasdi, ammo undan kunora xabar olib turishni kanda qilmasdim. 2018 yilning 5 yanvar kuni ayam qo`ng`iroq qilib, ikkala qizi bilan ham telefon orqali bog`lana olmayotganligini, shu sababli men ulardan xabar olib kelishimni ta`kidladi. Otamdan yo`l kira uchun pul olib, opamning uyiga ketayotgan vaqtim ayam yana telefon qildi va tog`am M.Sharipov opamnikiga yo`l olganini aytdi. Shu sabab o`sha kuni opamnikiga bormadim. Ertasi kuni esa dadam bilan birga bordik. Darvozaning qulf ekanligini ko`rib, ajablandik va qo`shnilaridan so`radik. Ular ham 2017 yil 30 dekabrdan beri ko`rishmaganini, profilatika inspektori J.Sattrovga xabar berishganini aytishdi. Qo`shnilardan narvon olib, hovliga kirdik. Xonalarning birini yongani va uni ochib, ichkarida jigarlarimning jasadlarini yongan holda yotganini ko`rib, karaxt bo`lib qoldik. Dastlabki tergov davrida ularni A.Abduqayumov o`ldirib, yoqib yuborganini bildim. Ilgari uni sira tanimasdim va opam ikkisining sha`riy nikoh asosida yashashganidan ham xabarim bo`lmagan.

“TURMUSh O`RTOG`IDAN SIRA ShIKOYaT QILMAGAN”

T.JAHONGIROV, guvoh, “Hidirsha” MFY raisi:

- Marhuma opa-singillarni juda yaxshi tanirdim. Feruza Amanovaning oila a`zolari bilan munosabati yaxshimasligi, sudlanuvchi Azizbek Abduqayumov bilan turmush qurib, birga yashab kelishlari va o`g`il farzandlari borligini o`zidan eshitganmiz. U Azizbekdan biror marta ham shikoyat qilmagan. Shu yilning 6 yanvar kuni marhuma Feruzaxonning dadasi va ukasi kelib, opa-singillarning qo`ng`iroqlariga javob berishmayotganini aytishdi. Ular va profilaktika inspektori J.Sattorov bilan birgalikda marhuma istiqomat qilgan xonadonga bordik. Uy ichkaridan qulflanganligini ko`rdib, ularni chaqirdik. Ammo hech kim javob bermadi. Shundan keyin uyga kirdik va jasadlarni ko`rib, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarini zudlik bilan chaqirtirdik.

XAZONGA AYLANGAN GULDEK UMR

Ochiq sud majlisida yana bir qancha jabrlanuvchi va guvohlarning fikrlari tinglandi. Sudlanuvchi Azizbek ham o`sha paytda g`azabdan nima qilayotganini anglolmagani, qilgan ishidan chin dildan pushaymon ekanligini bildirdi. Afsuski, uning ohu-dodi, yolvorishlari to`rt inson hayotini qaytarib bera olmaydi. Nafs asiriga aylanib, ayni kuch-g`ayratga to`lib, ota-onasi duolarini olib, ular orzularini bajo aylaydigan, farzandlariga to`g`ri ta`lim-tarbiya berib, rafiqasi bilan shirin va go`zal hayot kechiradigan davrida guldek umrini xazonga aylantirdi. Oilasi bo`la turib, qing`ir yo`lga qadam tashladi. Oxir-oqibat esa peshonasiga jinoyatchi tamg`asi bosilib, ko`plarning nafratiga uchradi. U qilmishga yarasha jazosini oldi. Unga O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga muvofiq, umrbod qamoq jazosi tayinlandi.

A.TO`RAEV,

Andijon viloyat sudi sudyasi.

Mirolim ISAJONOV,

jurnalist.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1