1

Simara Imanova: O`zbekiston tufayli dunyoga tanildim

Madaniyat 17.08.2018, 09:49
Teglar: Maqom-2018
Simara Imanova: O`zbekiston tufayli dunyoga tanildim

Maqom ijrochisi, xushovoz xonanda Simara Imanova bilan Ozarbayjon madaniyat va san`at universitetida uchrashdik.

U bizning O`zbekistondan ekanligimizni eshitgach, hayajon va samimiyat bilan shunday dedi: “Yurtingiz men uchun o`z Vatanimdek aziz. Zero, Samarqandda o`tkaziladigan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali sabab dunyoga tanildim. 1997 yilda, 19 yoshimda ushbu san`at anjumanida qatnashib, Gran-pri olganimni hech qachon unutmayman”.

Ozarlar har ikki gapining birida “Jonim sizga qurbon bo`lsin” deya lutf etishadi. Qaysi soha vakili bo`lishidan qat`iy nazar, Nizomiydan, Fuzuliydan, Voqifdan baytlar aytishadi. San`atimiz, madaniyatimiz, adabiyotimiz bir ekanligini e`tirof etishib, Alisher Navoiy, Bobur, Mashrab, Furqat kabi bobokalonlarimiz misralarini yoddan o`qishadiki, bunday holatlarga ko`p guvoh bo`lib, hayratlangandan hayratlandik. Xalqimizga bo`lgan ehtiromni o`zida mujassam etgan bu singari munosabatlardan xursand bo`ldik. Simara esa barmoqlari bilan oldidagi stolni chertgancha Navoiy g`azaliga bastalangan “Qaro ko`zim” ashulasini shunchalik berilib ijro etdiki, biz, mehmonlarga qo`shilib mezbonlar ham “Tasanno, ofarin” deya xonandani olqishladi.

— “Sharq taronalari” birinchi xalqaro musiqa festivaliga taklif etilganimda, juda hayajonlangan edim, — deydi u. — Negaki, yosh va tajribasiz edim. Qolaversa, bunday nufuzli anjumanda o`sha yili 40 ga yaqin mamlakatdan mana-man degan san`atkorlar qatnashish istagini bildirgan. Oradan 21 yil o`tgan bo`lsa ham o`sha lahzalarni xuddi hozirgidek eslayman. Chiqish navbati menga etgach, suxandon: “Simara Imanova, Ozarbayjon Respublikasi” deb e`lon qildi. Afsonaviy Registon maydoniga yig`ilganlar gulduros olqishlar bilan meni kutib olishdi. Bu ilk dalda bo`ldi. Tezda hayajonimni bosib, qo`shiqni boshladim. Bilasizmi, meni yana nima hayajonlantirdi? Registonda har bir ohang, ovoz o`zgacha jaranglar ekan, bundan qattiq ta`sirlandim, ilhom oldim. Qo`shiqni aytib bo`lganimdan so`ng tinglovchilar rosa qarsak chalishdi. O`zbekiston Respublikasi xalq artisti Munojat Yo`lchieva va boshqalar ijrom haqida samimiy fikrlarni bildirdi. Ochig`i, men o`zbeklarning bunchalik san`atni sevishi, qadrlashi, qo`shiqni berilib tinglashini ko`rib, lol qoldim. Bugun esa O`zbekistonda san`at va madaniyat sohasini rivojlantirishga bo`lgan e`tibor yanada yuksalganidan havasdaman. Ayniqsa, Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan 2018 yilda O`zbekistonda “Maqom” san`ati bo`yicha xalqaro musiqa festival o`tkazilishini eshitib xursand bo`ldim. Bilasiz, Ozarbayjonda ham bunday festival bor. O`ylaymanki, har ikki mamlakatda uyushtiriladigan san`at anjumanlari o`nlab, yuzlab iste`dod egalarini kashf etish, ikki tomonlama o`rnatilgan do`stona munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Ozarbayjon xalq artisti Simara Imanova ayni paytda universitet dosenti. U yoshlarga musiqa va an`anaviy ijrochilik yo`nalishida saboq beradi. San`atning beqiyos kuchi hamda inson ongiga ta`siri haqida fikr bildirar ekan, jumladan, shunday dedi:

— Musiqa san`ati insonni hamisha ezgulikka chorlaydigan, har qaysi odamning qalbidagi eng nozik, eng go`zal tuyg`ularni uyg`otadigan buyuk ilohiy kuch. Turli millat, til va e`tiqodga mansub odamlarni, elu elatlarni hech qanday tarjimonsiz bir-biriga bog`laydigan, mushtarak maqsadlar yo`lida birlashtiradigan musiqa san`ati kabi qudratli vositani topishning o`zi qiyin. Buning isboti 2015 yilda — “Sharq taronalari” o`ninchi xalqaro musiqa festivaliga mehmon sifatida taklif etilganimda ham yaqqol ko`zga tashlandi. Zero, festival davomida xorijlik san`atkorlar nafaqat Samarqand shahrida, shu bilan birga, Tayloq, Jomboy, Oqdaryo tumanlarida ham o`z chiqishlarini namoyish etishdi. Ularning kuy-qo`shiqlariga mahalliy aholi vakillarining jo`r bo`lishi mehmonlarga yanada ilhom bag`ishladi. Jumladan, ana shunday uchrashuvlarning birida Filippin hamda Janubiy afrikalik sozanda va xonandalarning badiiy dasturlari mezbonlarga qanchalik zavq ulashgan bo`lsa, mahalliy xonandalarning qo`shiqlari Er yuzining olis nuqtalaridan kelgan mehmonlar havasini uyg`otdi. Chunki kuy-qo`shiq, taronalar tili, millati boshqa-boshqa bo`lgan davlat vakillarini yagona maqsad — Tinchlikni madh etishga undagan edi.

O`zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoevning bugungi shiddatli davrda jahonda tinchlik va osoyishtalikni saqlash, go`zal hayotni qadrlash, olis va yaqin mamlakatlar bilan o`zaro munosabatlarni mustahkamlab, turli xalqlarning madaniy boyliklaridan bir-birini ko`proq bahramand etishga oid tashabbuslari beqiyos ahamiyatga ega. Shu bois bu insonga bo`lgan hurmatimni namoyish etishdan charchamayman. Tilagim, Prezidentingiz sog`-omon bo`lsin. Qilayotgan xayrli ishlarini davom ettirishida Alloh kuch-quvvat ato etsin.

Simara Imanova bilan xayrlashar chog`imizda, u jahonning ko`plab mamlakatlarida konsert dasturi namoyish etganini aytgach, baribir eng katta orzusi ushalmaganini ham bildirdi. Qanday orzu ekan, deya qiziqqan edik, javob shunday bo`ldi: “O`zbekistonda, Registon maydonida yakkaxon chiqishim bilan yurtingizdagi san`at muxlislarini xushnud qilsam, armonim qolmaydi!”
Mashhur ozar xonandasiga “Niyatingizga eting” dedik.

Maqsud JONIXONOV,
“Xalq so`zi” maxsus muxbiri.
Boku, Ozarbayjon Respublikasi.

Sharhlar

Maqom festivali Gran-prisini Tojikiston guruhi qo`lga kiritdi

11.09.2018, 11:37

Shahrisabz shahrida Xalqaro maqom san`ati anjumani yakunlandi, deb xabar qilmoqda UzA.Xalqaro anjumanning so`ngi kunida yopilish marosimi va turli nominasiyalar bo`yicha g`oliblarni taqdirlash marosimi bo`lib o`tdi....
Madaniyat vaziri Yaponiya san`at delegasiyasi bilan uchrashdi (foto)

10.09.2018, 19:54

Bugun, 10 sentyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullaev Koto musiqiy asbobi ijrochisi Ivamoto Kyoke rahbarligidagi Yaponiya san`at delegasiyasi bilan uchrashdi.Uchrashuv nihoyatda samimiy va...
Maqom – butun dunyoda e`tirof etiladigan san`at

08.09.2018, 19:10

Shahrisabz shahrida Xalqaro maqom san`ati anjumani davom etmoqda. Unda dunyoning 73 davlatidan san`atshunos olimlar, mutaxassislar, xonanda va sozandalar, hukumat vakillari ishtirok etmoqda. O`zA muxbiri ularning...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1