1

O`zbekiston va Tojikiston o`rtasida muhim shartnomalar imzolandi

Siyosat 17.08.2018, 15:00
O`zbekiston va Tojikiston o`rtasida muhim shartnomalar imzolandi

Ko`ksaroyda bo`lib o`tgan oliy darajadagi muzokaralar yakunida Prezidentlar shu haqdagi shartnomani imzoladi, deb xabar berdi Prezident matbuot xizmati.

O`zbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi o`rtasida Strategik sheriklik to`g`risidagi shartnomada uzoq muddatli va barqaror sheriklik munosabatlari o`rnatish maqsadi, o`zaro hamkorlikning strategik yo`nalishlari belgilangan.

Shavkat Mirziyoev va Emomali Rahmon davlat rahbarlarining Qo`shma bayonotini ham imzoladi.

Shuningdek, sanoat, standartlash va sertifikatlash, chegaradan o`tkazish, ta`lim hujjatlarini tan olish, geodeziya va geologiya, qishloq xo`jaligi, madaniyat va boshqa sohalardagi hamkorlikka doir 27 ta hujjat imzolandi. Jumladan, Surxondaryo viloyati bilan Xatlon viloyati, Samarqand viloyati bilan So`g`d viloyati o`rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar hamkorlik to`g`risida bitimlar qabul qilindi.

Davlat rahbarlari bo`lib o`tgan muzokaralar va erishilgan kelishuvlardan mamnunligini, Strategik sheriklik to`g`risidagi shartnoma ular orasida alohida ahamiyatga ega ekanini ta`kidladi.

“O`zbekiston va Tojikiston munosabatlaridagi katta o`zgarishlar haqida ko`p gapirish mumkin. Lekin eng muhim yutuq – amaliy ishlarimiz millionlab odamlarga naf keltirayotgani, ularning qalbida iliqlik uyg`otayotganidir. Biz bundan buyon ham xalqlarimiz do`stligining buzilmas ko`prigini har tomonlama mustahkamlashga harakat qilamiz”, dedi Shavkat Mirziyoev.


Tojikiston Prezidentining davlat tashrifi davom etmoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1