«O`zbekiston» anjumanlar saroyida O`zbekiston va Tojikiston san`at ustalari ishtirokida «Do`stlik oqshomi» nomli konsert bo`lib o`tdi.
Tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoev va Prezident Emomali Rahmon ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari o`zbek va tojik xalqlari azaldan yonma-yon yashagani, qiyinchiliklarni birgalikda engib o`tganini ta`kidladi.
«O`zbek va tojik xalqlari bir daraxtning ikki shoxi, bir daryoning ikki irmog`iga o`xshaydi. Bizning muqaddas dinimiz, erimiz va suvimiz bir. Quvonchu tashvishlarimiz, taqdirimiz mushtarak. Ajdodlarimizning ezgu an`analarini davom ettirib, xalqlarimiz do`stligini mustahkamlashimiz va asrab-avaylashimiz kerak», deya ta`kidladi Shavkat Mirziyoev.
Keyingi yillarda faollashgan madaniy-gumanitar aloqalar xalqlarimizni yanada yaqinlashtirmoqda. Do`stlik delegasiyalari tashrifi va ijodiy safarlar uyushtirilib, madaniyat kunlari, konsertlar, ko`rgazmalar, anjumanlar o`tkazilmoqda.
«Do`stlik oqshomi» tobora mustahkamlanib borayotgan O`zbekiston va Tojikiston hamkorligi, xalqlarimiz do`stligining yana bir ifodasi bo`ldi.
Prezident matbuoti xizmati xabariga ko`ra, Tojikiston Prezidenti bugun, 18 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov va Bosh vazir Abdulla Aripov bilan uchrashuvlar o`tkazadi, Samarqand shahrini ziyorat qiladi.