Indoneziyada bo`lib o`tayotgan Osiyo o`yinlarida O`zbekiston olimpiya terma jamoasi Tailand ustidan g`alaba qozondi, deb xabar qilmoqda UFA matbuot xizmati.
“O`zbekiston olimpiya terma jamoasi Osiyo o`yinlari guruh bosqichidagi ishtirokini yakunladi. So`nggi turda vakillarimiz Tailandga qarshi maydonga tushib, 1:0 hisobida g`alaba qozondi”, - deyilgan xabarda.
Uchrashuvdagi yagona golni terma jamoa sardori Zabihullo O`rinboev 17-daqiqada kiritdi. O`rinboev Aliboev tomonidan etkazib berilgan uzatmani boshi bilan darvozaga aniq yo`llab, hisobni ochishga muvaffaq bo`ldi.
Shu tariqa Ravshan Haydarov shogirdlari guruhdagi har uchta o`yinda g`alaba qozonib, 100 foizlik natija qayd etishdi. Musobaqaning 1/8 final o`yini 23 avgust kuni bo`lib o`tadi. Vakillarimiz "A", "S" yoki "D" guruhidagi uchinchi o`rinni egallagan terma jamoa bilan bahs olib boradi.
O`zbekiston olimpiya terma jamoasi: Botirali Ergashev, Rustamjon Ashurmatov, Hojiakbar Alijonov, Akramjon Komilov (Abbos Otaxonov, 54), Jaloliddin Masharipov, Odiljon Xamrobekov, Zabihillo O`rinboev, Javohir Sidiqov (Xurshid G`iyosov, 82), Ikromjon Aliboev, Azizbek Turg`unboev (Doston Hamdamov, 59), Dostonbek Tursunov.






