Bugun arafa! Muborak kunlardan biri. Butun dunyo ahli diyonat va bag`rikenglikni ko`rsatadi. Bizda arafa o`zbekchilik bilan yaxshi ma`noda qorishib ketgan. Qo`shnilarning osh chiqarishi, shirinlik ulashishi...
Bu yoqimli hislarni kelgusi avlodgacha etkazishni istashimiz tabiiy. O`zbekistonda zamonaviy yoshlar avlodi etishib chiqmoqda.
Faol, ko`plab yutuqlarga erishayotgan minglab yoshlar bor. Fan-ta`lim, madaniyat, sport sohasida har kuni yangi cho`qqilar, marralar zabt etilmoqda. Jumladan, bugun Indoneziyaning Jakarta shahrida bo`lib o`tayotgan Osiyo o`yinlarida yoshlarimiz o`zlarining mahoratini namoyon etib, xalqimizni xushnud etmoqda.
Ammo, har bir yigit-qiz ham o`zbekona tarbiya ostida, kattalarga hurmatda, kichiklarga izzatda bo`lyapti deya olmaymiz. Oddiygina aytganda, odob bilan salom berish, yo`l bo`shatish yoki tavoze bilan choy quyishni bilmaydigan yoshlar ham uchrab turadi.
O`zbekiston yoshlari! Bu muqaddas kunlar shukuhidan unumli foydalaning! Dunyo hoyu-havaslaridan biroz chekining, ijtimoiy tarmoqlar 3 kun sizsiz ham ishlayveradi. O`rningizdan turing va ota-onangiz, yaqinlaringiz, qo`ni-qo`shnilaringiz, ustozlaringiz va do`stlaringizni yo`qlang. Yaxshiliklar qiling! Savob ish qiling! Shunda kelgusi yo`lingiz munavvar, qalbingiz osuda bo`ladi.
Iydi Qurbon hayiti muborak bo`lsin!






