1

Toshkent viloyatida naqd xorijiy valyutalarning noqonuniy olib chiqilishi to`xtatib qolindi

Jinoyat 22.08.2018, 22:01
Toshkent viloyatida naqd xorijiy valyutalarning noqonuniy olib chiqilishi to`xtatib qolindi

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan respublikamiz bojxona chegaralari orqali naqd xorijiy valyutalarning noqonuniy olib o`tilishiga doir navbatdagi holatlar fosh qilindi.

Xususan, “Oybek” chegara bojxona postida piyoda ravishda chiqib ketayotgan qo`shni davlat fuqarosi N.R. yo`lovchi bojxona deklarasiyasida va bojxona xodimlarining og`zaki so`rovi paytida ma`lum qilingan 5 ming AQSh dollaridan tashqari yana bojxona nazoratiga taqdim qilinmagan 5 ming AQSh dollarini yashirincha olib o`tayotgan paytda to`xtatib qolindi.

Shuningdek, “G`ishtko`prik” chegara-bojxona postida respublikamizdan chiqib ketayotgan qo`shni davlat fuqarosi Z.X.ning bezovtalanishi bojxonachilarda shubha uyg`otdi. Shundan so`ng, ushbu ayol xolislar ishtirokida shaxsiy ko`rikdan o`tkazilganida, u ichki kiyimlariga yashirgan holda 5736 AQSh dollarini olib chiqmoqchi bo`lgan vaqtda to`xtatib qolindi.

Davlat bojxona qo`mitasi axborot xizmati xabariga ko`ra, hozirda ushbu holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.

Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Respublikasi fuqarolari, O`zbekiston Respublikasida doimiy yashash joyiga ega bo`lgan chet ellik fuqarolar va fuqaroligi bo`lmagan shaxslarga 5 000 AQSh dollariga teng yoki undan oshmaydigan miqdorda naqd xorijiy valyutani yo`lovchi bojxona deklarasiyasida ko`rsatgan holda erkin olib chiqib ketishlariga ruxsat etiladi.

Chet el fuqarolari esa O`zbekistonga kirish chog`ida olib kirgan miqdordagi naqd xorijiy valyutani erkin olib chiqib ketishlari mumkin.

Belgilangan summadan ortiqcha naqd xorijiy valyutani olib chiqib ketish uchun Markaziy bankning hududiy boshqarmalari tomonidan beriladigan ruxsatnomalar talab etiladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1