1

"To`rt devor ichida"gi nolalar

Mutolaa 24.08.2018, 17:43
"To`rt devor ichida"gi nolalar

Oilasidagi nosog`lom muhit tufayli og`ir ahvolda qolgan ayollarni ko`p ko`rganmiz. Sobiq qaynona tomonidan qasddan bevatanga aylantirilgan, bir necha yillar oldin sotilib ketgan, hozirgi kunda oilasiga tegishli bo`lmagan manzilda ro`yxatda turuvchi Sobira Razzoqova ham to`rt nafar farzandi bilan og`ir ahvolda, sarson-sargardon holda kun kechirmoqda.

– ToshMIdagi ITI kardiologiya bo`limida laborant vazifasida ishlash bilan birga institutda oliy hamshiralik yo`nalishida o`qir edim, – deb yozadi u. – 1985 yili Toshkent shahar Sobir Rahimov tumani Qora-qamish mavzeiga kelin bo`lib tushdim. Qaynona-qaynotam: “Kelin uy yumushlari bilan band bo`ladi, o`qish-ishlash esa erkaklarning ishi”, deb ishlashimga ham, o`qishimga ham ruxsat berishmadi.
“O`qish-ishlash erkakning ishi”, degan qaynonam o`sha yiliyoq kelgusida davlat pensiyasiga ega bo`lish maqsadida sovxoz dalasiga o`zining o`rniga meni ishga chiqara boshladi. Toshkent viloyatida uchastkamiz bor edi. Qishda poytaxtdagi uyimizda, yozda esa viloyatdagi uchastkada yashab, sovxozda qaynonam o`rniga ishlab yuraverdim.
1986 yil to`ng`ich farzandim Mir­alisher dunyoga keldi. 1988 yil ikkinchi farzandim Shahribonu tug`ildi. Shu yili go`yo bizning ro`zg`orimizni bo`lak qilib, o`z kuningni ko`r, deya qishlash uchun dala hovlida qoldirdilar. O`sha kezlar qishlog`imizda gaz ta`minoti umuman yo`q edi! (1993 yil gaz tarmog`i tortildi) ichimlik suvini esa uch kilometr naridan tashib kelardik.

1992 yil o`g`lim Mo`min tug`ildi. Vrachlar tahliliga ko`ra farzandim bo`yin sohasida jismoniy noqislik mavjud bo`lib, unga uqalash (massaj) muolajasi zarur ekanligini aytdilar. Ammo qaynonam mazkur muolajani olishga yo`l qo`ymay, turmush o`rtog`imni menga qarshi qayray boshladi. Natijada oilaviy tinchligimiz buzildi va arzimas bahona bilan erim meni ayovsiz kaltaklashni odat qildi.

1993 yil qaynilarimni uylantirdik. Ko`pqavatli uyning bitta kvartirasida to`rt oila... Turmushimda ziddiyat kuchaygandan kuchayib boraverdi... To`ng`ich farzandim Miralisher maktab yoshiga etgach, shahardagi maktabga o`qishga berdik. Qishni qishloqdagi uyda o`tkazdik. Qaynonam esa “O`g`ling Miralisherni o`zim tarbiya qilaman”, deb farzandimni o`ziniki qilib oldi. (Bu tadbirdan ko`zlagan maqsadi o`g`limni menga nisbatan begona qilib tarbiya­lash bo`lgan ekan). Shu tariqa to`ng`ich farzandim yozda biz bilan, qishda esa bobo-buvisiga dastyorlik qilib voyaga etdi. Oqibat shu darajaga etib bordiki, qaynonam farzandimga menga salom berishni ham ta`qiqlab qo`ydi. Turmush o`rtog`im esa ovozingni chiqarma, o`g`il endi ularniki, deb meni farzandimga zor bo`lib yashashga majbur qilar edi.

O`g`lim Miralisher buxgalteriya kollejini tugallab, Keyingi farzandlarim esa qishloq maktabida o`qidilar. Xudo qaynona-qaynotamga uch o`g`il, to`rt qiz farzand ato etgan. Oilada faqat qizlar farzand o`rnida ko`riladi. O`g`illar uylangach esa ularning oilasiga ko`rsatiladigan mehribonchilikdan go`yo kelinlar ham manfaatdor bo`lib qoladi, “nega birovning bolasiga mehr ko`rsatishim kerak”, degandek, kelinlarning tekin kuchidan foydalanishardi-yu, o`zlarini sira qadrlashmasdi. Mening oilamga ko`rsatilganidek, zug`umlar ovsinlarim turmushiga ham rahna solishi natijasida ular ham oila baxti nima ekanligini bilmay kun ko`rdilar.
Turmush o`rtog`imdan keyin tug`ilgan qaynim G`olibning ayoli Gulnozaxon 1995 yil “Bu xonadonga kelin emas, cho`ri lozim ekan”, deb ko`chini ortib, ota-onasining uyiga jo`nab ketdi. Keyin boshqa turmush qurib, baxtini topdi.

Keyingi ovsinim Zulfizarxon ham andisha kuchlilik qilib, chidab yashadi, ammo eri bilan ishlab kelish maqsadida Rossiyaga ketib, 2012 yil Moskvadan murdasi keldi. Bu orada qaynonamning tashabbusi bilan kelinlardan birontasi ega chiqib qolishining oldini olish maqsadida, biz kelinlar tushgan uy sotib yuborilgan edi. (Men hozirgi kunga qadar o`sha uyda ro`yxatda turaman).

Menga gapirmasalar-da, 2012 yil onam mening tashvishlarimdan ezila-ezila olamni tark etdilar. 2016 yilga kelib katta farzandlarim orqasidan ikki qudalik bo`ldim. Uchinchi farzandimga tinimsiz sovchilar kela boshlaganida turmush o`rtog`im qo`liga qaram bo`lib o`tirmay, harna yordam bo`lar, degan niyatda yosh bolalarga paypoq, ko`ylakchalar to`qib sotdim. Keyinchalik bu hunarni qizlarga ham o`rgata boshladim. Muntazam pastga engashgancha ish bilan mashg`ul bo`lishim, sovxoz erlaridagi og`ir mehnat ta`siri, oiladagi notinch-lik, doimiy asabiy vaziyat oqibatida erga qarasam boshim qattiq og`riydigan dardga chalindim. O`z dardim etmaganidek, mening oila byudjetiga qo`shayotgan uch-to`rt tangam qaynonamning fe`lini buzdi, “Hali vaqti kelib topgan pulini minnat qiladi”, degan tushunchani turmush o`rtog`im ongiga shu darajada joyladiki, jahlini bosa olmagan erim meni yana ayovsiz kaltaklay boshladi.

Ur-sur avjiga chiqqan pallada bizlarni ajratish maqsadida kenja qizim o`rtaga tushdi. Otasidan egan kaltagi oqibatida qizimning jigari qattiq ezilib, shifokorlar jigar kasalining og`ir ko`rinishi, deb tashxis qo`ydilar. O`zimning esa burun tog`ay suyaklarim qattiq ezilib, yiringi miyamga o`tish xavfi borligi shifokorlar tomonidan aniqlandi. O`zim va qizimni davolatib yurgan vaqtimda holimga birov achinmadi, ahvoling nima, demadi. Qo`lingdan nima keladi, deya qaynonamning boshi osmonda edi.

Bu vaqtda ota-onam uyida bo`ldim. Falokat bir kelsa qo`shaloqlashib kelar ekan. Shu davrga kelib otam bir tarafdan keksalik, ikkinchi tarafdan mening dardim bilan bo`lib qattiq og`rib yotib qoldilar. Shunga qaramay turmush o`rtog`im holidan xabar olay, deb uyga borsam musht ko`tarib meni uydan haydab solardi. 2016 yil mening baxtsizligim otamni ham bu dunyodan olib ketdi.

Qaynonamdagi baxillik va hasad shu darajada ediki, kelinlardan birontamiz qaynona-qaynota uyidan boshpanalik bo`lmadik. Oiladagi o`g`illarning birortasi baxtli bo`lolmadi. Hozirgi kunda katta qaynim farzand ko`rolmay dog`da, kichik qaynim esa bedavo dardga yo`liqqan. O`zimning turmush o`rtog`im 2017 yil ota-onasi zulmi jonidan o`tib, dardini birovga aytmay, yurak xastaligi bilan olamdan o`tdi.

Shu kunga qadar asosan qishloqdagi uyda yashab keldim. Oilam yashagan uyga tegishli barcha kommunal va boshqa to`lovlarni turmush o`rtog`im to`lab kelgan. Ammo mazkur uy-joy kelinlardan ehtiyot qilish maqsadida na qaynonam, na qaynotam, na farzandlaridan birontasining nomiga rasmiylashtirilgan emas.
Keyinroq qaynotam og`ir xastalanib yotib qoldi. Ko`rgani borsam, o`zi bir ahvolda yotibdi-yu, tag`in: “agar uydan ko`chlaringni olib ketmasang rozi emasman”, dedilar. Bu holatda ham qaynonamning “xizmati” bor edi albatta. Qaynotamning gapini ikki qilmay, bir qarindoshimning uyiga ko`chib o`tdim. Hozirgi kunda, umrim o`tgan uyda ikki o`g`lim yashamoqda.

Qaynonam besh vaqt namozni kanda qilmaydilar, ammo “rejasi” o`sha-o`sha. Endi ikki o`g`limni ham uydan mosuvo qilib, uy-joyni qizlari nomiga rasmiylashtirish niyatida yuribdilar. Alloh umr­larini uzoq qilsin. Men ikki o`g`limni uylantirib, otasidan qolgan uyda yashashini istayapman”.

Sobira Razzoqova uzoq yillar davomida bu dardini kimga aytishni bilmay kelgani haqiqat. Ammo keyingi paytda og`ir ijtiomiy ahvolda yashayotgan xotin-qizlarga ko`rsatilayotgan e`tibor tufayli ko`pchilik opa-singillarimizning mushkuli oson bo`layotganini eshitib, ushbu murojaatni yozishga jazm etganini iymanibgina bildirdi u.

“Oilasida zug`umga uchragan ayollarning “to`rt devor ichidagi” nolalarini ham eshitadiganlar bor ekan-ku”, deydi u ko`zda yosh bilan. Prezidentimizning “Ijtimoiy reabilitasiya qilish va moslashtirish, shuningdek, oilaviy-maishiy zo`rlik ishlatishning oldini olish tizimini takomillashtirish to`g`risida”gi qarori bilan “Zo`rlik ishlatishdan jabr ko`rgan shaxslarni reabilatasiya qilish va moslashtirish hamda o`z joniga qasd qilishning oldini olish respublika markazining tashkil etilgani, og`ir sharoitda kun kechirayotgan ayollarning muammolariga echim topilayotgani Sobira Razzoqova kabi “uydagi gapni tashqariga chiqarmay, tishida tishlab yashayotgan” opa-singillarimizning ko`nglida yashashga umid, ishonch uyg`otyapti.

Akbarali Mansur,
filologiya fanlari nomzodi.
Nasiba Ubaydullaeva,
TIU o`qituvchisi.

«Oila va jamiyat» gazetasidan olindi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1