Byudjet ma`lumotlarining ochiqligini va byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta`minlash chora-tadbirlari to`g`risidagi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot“ kanali ma`lum qildi.
Qarorga muvofiq:
2020 yildan boshlab byudjet qonun bilan tasdiqlanadi;
2019 yildan boshlab byudjet mablag`larining kamida 10 foizi jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yo`naltiriladi.
Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg`armalari byudjetlari loyihalari hamda ularning ijrosi to`g`risidagi hisobotlar jamoatchilik muhokamasi uchun e`lon qilinadi.
2019 yil 1 yanvarga qadar byudjet xarajatlari ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun “Ochiq byudjet” axborot portali ishga tushiriladi. Unda davlat byudjeti, soliq va byudjet siyosatining asosiy yo`nalishlari loyihalari, byudjet ijrosi to`g`risidagi hisobotlar va Hisob palatasi xulosalari e`lon qilinadi.
Portal orqali fuqarolar bilan qayta aloqa tashkil etiladi va fuqarolar byudjet qonunchiligini buzish holatlari to`g`risida xabardor qilish, byudjet jarayonini takomillashtirish bo`yicha takliflar kiritish imkoniga ega bo`ladi.